Yangi Zelandiya Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda ko‘kyo‘tal epidemiyasini e’lon qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi bir oyda bu turdagi kasallik 260 dan ortiq odamda aniqlangan.
«Bir necha hafta davomida butun mamlakat bo‘ylab kasallanish holatlari uzluksiz oshib bordi, hozir u umummilliy epidemiya e’lon qilish mumkin bo‘lgan darajada yetdi», — deyiladi bayonotda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘kyo‘talga asosan maori va Tinch okeani xalqlari orasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar chalinmoqda.
Ko‘kyo‘tal nafas yo‘lining juda xavfli bakterial infeksiyasi hisoblanib, uning qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasidir. Infeksiyaga yo‘liqqan kishi yo‘talishi yoki aksa urishi oqibatida havoga mikrob tarqaladi va shu yaqin atrofda nafas olgan odam zararlanadi.
Hozirgi kunda ushbu xastalikni birinchi navbatda vaksinatsiyaning to‘liq davridan o‘tmagan chaqaloqlar hamda immuniteti zaif bo‘lgan o‘smir va kattalar boshdan o‘tkazishadi. Olimlarning ta’kidlashicha, emlashning amal qilish muddati — taxminan 4-14 yil. Qancha ko‘p vaqt o‘tsa, kasallanish ehtimoli ham yuqorilashib boradi.
Ko‘kyo‘taldan asosan yoshga yetmagan chaqaloqlar nobud bo‘ladi. Shuning uchun homilador ayollar va chaqaloq yaqinida bo‘ladigan kishilarning kasallikdan emlangan bo‘lishi juda katta ahamiyatga ega.