Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi

Jahon 13:13 3079

Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaga olib ketilgan Kursk oblastining 46 nafar aholisi Rossiyaga qaytdi. Ular orasida 12 nafar bola, jumladan, yangi tug‘ilgan chaqaloq va uch yoshgacha bo‘lgan bir bola, shuningdek, nogironlar aravachasida harakatlanadigan kishi bor, dedi 22 noyabr, juma kuni Rossiya Federatsiyasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova.

Aholi Sudja rayonidan olib chiqib ketilgan

Bu odamlarning barchasi avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlari nazoratiga olingan Kursk oblasti Sudja rayonidan olib ketilgan, dedi ombudsman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarning qaytishi «Ukraina tomoni bilan muzokaralar jarayoni natijasida» mumkin bo‘lgan. Aksiyani tayyorlashda Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati, Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Belarusning «vakolatli organlari» va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etdilar, dedi Moskalkova.

Biroq u kelishuvga qanday shartlar asosida erishilganiga aniqlik kiritmadi.

Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) hali Kursk oblastini tark etishni rejalashtirmayapti va «kerak bo‘lgunicha» u yerda qolishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AFP agentligi 22 noyabr kuni Ukraina armiyasidagi manbalarga tayanib yozdi. Hisobotda qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari o‘z vaqtida Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan 1400 kvadrat kilometrdan sal kamroq qismini nazorat qilgan. Hozirda qariyb 800 kvadrat kilometr ularning nazorati ostida qolmoqda.

Shuningdek, ukrainalik manbalar AFP agentligiga Rossiya armiyasi Donetsk oblastida Pokrovsk va Kuraxova tomon oldinga siljishda davom etayotganini aytdi. Kuraxovo yaqinida u har kuni 200-300 metr maydonni egallashga muvaffaq bo‘lyapti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaning Dnipro shahriga zarba berish uchun Rossiyaning yangi «Oreshnik» raketasidan foydalanilgani haqidagi so‘zlarini sharhlar ekan, AFP manbalari Rossiya Qurolli kuchlari arsenalidagi bunday raketalar soni «juda cheklangan»ligini aytdi. «Ulardan faqat bir nechtasi bor», dedi ular.

Ko‘proq yangiliklar: