Parij prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi Fransiya Milliy assambleyasi (parlament quyi palatasi) deputatlarining Telegram akkauntlari buzib kirilgani ehtimoli yuzasidan tergov boshladi.
«Parij prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi parlament a’zolarining Telegram akkauntlari buzib kirilgani ehtimoli yuzasidan tergov boshladi», — deyiladi xabarda.
Prokuraturadagilar ish Fransiya Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga topshirilganini tasdiqladi.
Avvalroq bir qator fransuz deputatlarining Telegram akkauntlari buzib kirilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Qonun chiqaruvchi organ vakillari zararli havolalar ustiga bosib, o‘z telefon raqamlarini kiritishgan va natijada, messenjerdagi akkaunt zararli xabarlarni yuborishda foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Milliy Assambleya axborot xavfsizligi xizmati 20 noyabr kuni deputatlarga ogoh bo‘lishlarini iltimos qilib, maktub yo‘llagan. Parlamentariylarga, shuningdek, ikki martalik himoya tizimini yoqish va parolni o‘zgartirish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oyi oxirida Parij aeroportida hibsga olingan edi. U messenjerni yetarlicha moderatsiya qilmaganlikda gumon etilmoqda. Jandarmeriya ma’lumotlariga ko‘ra bu va uning hamkorlik qilishdan bosh tortishi uni bolalar pornografiyasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni tarqatishda sherik qiladi. Keyinroq Durov 5 million yevro garov va haftasiga ikki marta politsiya bo‘limiga xabar berish majburiyati evaziga ozod qilindi.
23 sentabr kuni Durov Telegram asosli qonuniy talablarga javoban huquq-tartibot idoralariga qonun buzgan shaxslarning IP-manzillari va telefon raqamlarini oshkor qilishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, noqonuniy kontent ustidan shikoyat qilish imkonini beruvchi @SearchReport bot ishga tushirildi.