Finnair ish tashlashlar tufayli 300 ga yaqin reysini bekor qiladi

Jahon 23:20 / 23.11.2024 430

Finnair aviakompaniyasi uchuvchilarning ish tashlashlari tufayli 9 va 13 dekabr kunlari 300 ga yaqin reysini bekor qiladi. Aviatashuvchi e’lon qilgan press-relizga ko‘ra, bu 33 mingga yaqin mijozga ta’sir ko‘rsatadi.

«Finlandiya Uchuvchilar kasaba uyushmasi muzokaralar o‘rniga ish tashlash e’lon qilgani ranjitmoqda. Afsuski, bu Rojdestvo mavsumida minglab mijozlarimizning safarlar rejasini buzib yuboradi. Ushbu murakkab vaziyatda mijozlarimizga yaxshi xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz va imkon qadar ko‘proq yo‘lovchilarga muqobil reyslarni taklif qilamiz», — deydi Finnair bosh operatsion direktori Yaakko Shildt.

Ta’kidlanishicha, Finnair 9 dekabr kungi 140 ga yaqin, shuningdek, 13 dekabrdagi qariyb 150 ta reysini bekor qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ish tashlashlar 30 sentabr kuni kasaba uyushmalari va aviatashuvchi o‘rtasidagi kollektiv mehnat shartnomasi muddati tugagani bilan bog‘liq. Yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar uch oydan beri davom etmoqda, ammo hozircha yakuniy natijaga erishilmagan. Ayni vaqtda ular orasida milliy vositasi ham qo‘shilgan.

Finnair — 1923 yili Finlandiyada asos solingan aviakompaniya bo‘lib, uning asosiy aksiyalar paketi davlatga tegishli. U Osiyo, Yevropa, Shimoliy Amerika bo‘ylab 80 ta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshiradi. Aviaparkida 70 ga yaqin Airbus, jumladan, bir nechta yangi A350s samolyotlari bor. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, aviakompaniya 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

Ko‘proq yangiliklar: