Charlz III ning toj kiyishi britaniyaliklarga 90 mln dollarga tushgani ma’lum bo‘ldi

Jahon 21:48 807

O‘tgan yili Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va uning rafiqasi Kamillaning toj kiyish marosimi britaniyalik soliq to‘lovchilarga 72 million funt sterling(90,2 million dollar)ga tushgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda hukumat hisobotiga tayanib, BBC xabar qildi.

Marosimni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan Madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport ishlari vazirligi 50 million dollardan ko‘proq sarflagan. Qo‘shimcha xavfsizlik choralari va jamoat tartibini saqlash xarajatlari esa qariyb 22 million funt sterlingni tashkil etgan.

Madaniyat vazirligi o‘z yillik hisobotida Charlz III ning toj kiyish marosimini “avlodda bir marta” bo‘ladigan voqea sifatida ta’riflaydi. Shu bilan birga, marosim “soddalashtirilgan” tartibda o‘tkazilgani aytilmoqda. Bunga misol qilib, mehmonlar soni keltiriladi: ular 1953 yilda o‘tkazilgan Yelizaveta II ning toj kiyish marosimidagi mehmonlarga qaraganda ancha kam edi.

Monarxiyaga qarshi Republic faollar harakati vakili Grem Smit toj kiyish marosimini soliq to‘lovchilarning pulini “uyatsizlarcha” sarflash deb atadi. U marosim, aslida, ancha qimmatga tushganini ta’kidladi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Charlz III ning toj kiyish marosimiga 100 million funt sterlingdan 250 million funt sterlinggacha pul ketgan.

Yelizaveta II ning dafn marosimi va u bilan bog‘liq tadbirlarga jami 204 million funt sterling sarflangan.

Qirolicha Yelizaveta II 2022 yil 8 sentabrda 96 yoshida vafot etdi. Shundan so‘ng taxtga uning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Charlz o‘tirdi. Unga 2023 yil 6 may kuni Vestminster abbatligida toj kiydirildi.

Ko‘proq yangiliklar: