Qo‘shma Shtatlar «yadroviy dushmanlarning kuchayishi» fonida yadroviy tiyib turish strategiyasini o‘zgartirishga qaror qildi.
Pentagon ta’kidlaganidek, «ko‘plab yadroviy dushmanlar Qo‘shma Shtatlar, uning ittifoqchilari va hamkorlari xavfsizligiga tahdid qiladi», shu sababli yadro strategiyasini «o‘zgartirish» zarur edi, deb xabar berdi «Amerika Ovozi».
Mudofaa vazirining yadro va ommaviy qirg‘in qurollari siyosati bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Richard Jonson buni «Xitoy va Rossiyaning yadroviy salohiyati ortib borayotgani hamda yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlar yo‘qligi nuqtai nazaridan» yadroviy tiyib turish vositasi ekanini tushuntirdi.
Uning aniqlik kiritishicha, Mudofaa vazirligi Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi bilan hamkorlikda yadroviy tiyib turish va moslashuvchanlikni kuchaytirish, shuningdek, xavflarni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rgan.
«2030 yillarga tayyor bo‘lish uchun biz yadroviy kuchlarimizni, qo‘mondonlik va boshqaruv tizimini va infratuzilmani modernizatsiya qilishimiz kerak, bu bizga moslashuvchan bo‘lish va yangi chaqiriqlar, tahdidlar yoki o‘zgarishlarga moslashish imkonini beradi», dedi Strategik barqarorlik qo‘shma shtabi direktori o‘rinbosari Grant Shnayder.
Shuningdek, o‘zgarishlar doirasida qit’alararo ballistik raketalar uchiradigan yadroviy suvosti kemalarining tayyorgarligi oshirilgan.
19 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning yangi yadroviy doktrinasini tasdiqladi. Unga yadroviy bo‘lmagan vositalar, shu jumladan dronlar bilan Rossiyaga ommaviy havo hujumi uyushtirilsa, yadroviy javob zarbasini berish huquqi haqidagi band kiritildi.