KXDR o‘z askarlarini Ukraina urushiga yuborgani evaziga Rossiyadan havo hujumidan mudofaa vositalarini olgan

Jahon 23:23 / 22.11.2024 1465

KXDR Ukrainaga bilan urushga o‘z askarlarini yuborgani evaziga Rossiya Shimoliy Koreyaga zenit raketalari va havo hujumidan mudofaa vositalarini berdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Shin Von Sik SBS telekanali efirida ma’lum qildi.

«Shimoliy Koreya o‘zining kuchsiz havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash uchun kerakli qurilmalar va zenit raketalarini qo‘lga kiritdi», — deydi Shin Von Sik.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Pxenyan tez orada o‘zining sun’iy yo‘ldosh dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Moskvadan harbiy texnologiyalarni ham oladi.

BBC’ning yozishicha, joriy yilning mart oyidan beri Rossiya Shimoliy Koreyaga 1 million barreldan ortiq neft yetkazib bergan. Britaniyalik yetakchi ekspertlarga ko‘ra, Moskva bu orqali Rossiyaga yuborilgan KXDR harbiylari uchun «haq to‘lamoqda».

Neft va neft mahsulotlari Pxenyan uchun o‘z qo‘shinlari hamda qurollanishini mamlakat bo‘ylab joylashtirishi, shuningdek, boshqaruvdagi elitaning avtomobillarini yonilg‘i bilan ta’minlashi uchun kerak. Sanksiyalar tufayli Shimoliy Koreya yiliga 500 ming barreldan ortiq neft sotib ololmaydi, ammo mamlakatning neftga bo‘lgan talabai qariyb 9 million barrelni tashkil etadi. Shu bois KXDR neft va neft mahsulotlarini noqonuniy yo‘llar bilan sotib oladi.

Avvalroq Koreya xalq armiyasining yuqori martabali generali Ukraina tomonidan Kursk oblastiga berilgan zarba oqibatida yaralangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra Rossiyaga yuboriladigan shimoliy koreyalik askarlar soni oxir-oqibat 100 ming kishiga yetishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: