Venesuela hukumati Italiya, Niderlandiya va Fransiya elchixonalarining diplomatik tarkibini uch kishigacha qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Qayd etilishicha, 48 soat ichida bajarish talab qilinadigan mazkur qaror yuqoridagi davlatlarning «dushmanlik harakatlari» va «ekstremistik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi» tufayli qabul qilingan.
«Venesuela o‘zining barqarorligi, suvereniteti hamda o‘z sa’y-harakatlari bilan erishgan tinchlik va farovonlik yo‘lini ta’minlash uchun xalqaro huquqqa muvofiq qadamlar tashlashda davom etadi», — deb yozadi mamlakat TIV rahbari Ivan Xil.
Xilning aytishicha, mamlakat Niderlandiya, Fransiya va Italiyaning akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatlari sonini uch kishigacha qisqartirgan hamda ularning mamlakat bo‘ylab harakatlanishiga cheklovlar joriy etgan. Endi ular Karakas markazidan 40 kilometrdan uzoqroq joyga borish uchun TIVdan ruxsat olishi kerak bo‘ladi.
Venesuela Vashington ta’siri ostidagi mamlakatlarni BMT nizomida mustahkamlangan suverenitet va o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyillarini hurmat qilishga chaqirgan.
Avvalroq AQSh Venesuela prezidenti Maduro haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollar mukofot tayinlagandi. 2024 yil noyabr oyi oxirida Qo‘shma Shtatlar Venesueladagi prezidentlik saylovidan so‘ng repressiyalarni amalga oshirganlikda ayblab, 21 nafar venesuelalik amaldorga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.