AQSh Venesuela prezidenti Maduro haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollar mukofot tayinladi

Jahon 21:53 / 10.01.2025 2362

AQSh Davlat departamenti Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning safdoshi Diosdado Kabeloni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumotlar uchun belgilangan mukofot miqdorini 25 million dollarga yetkazdi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

«Davlat departamenti Maduro va Diosdado Kabelloning hibsga olinishi yoki sudlanishiga olib keladigan ma’lumot uchun mukofotni 25 million dollargacha oshirmoqda», deyiladi Moliya vazirligi xabarida.

Bundan tashqari, Davlat departamenti Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes haqidagi ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot joriy qildi.

Davlat departamenti, shuningdek, Maduroni qo‘llab-quvvatlagan va «Venesueladagi saylov jarayoniga putur yetkazishga yordam bergan va repressiya uchun mas’ul bo‘lgan» Venesuela rasmiylariga yangi viza cheklovlarini e’lon qildi.

2024 yil noyabr oyi oxirida Qo‘shma Shtatlar Venesueladagi prezidentlik saylovidan so‘ng repressiyalarni amalga oshirganlikda ayblab, 21 nafar venesuelalik amaldorga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovdan so‘ng Venesuela xavfsizlik kuchlari «demokratik muxolifat tarafdorlarini o‘zboshimchalik bilan hibsga olgan, norozilik namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirgan va shaxslarni tinch yig‘ilish huquqidan mahrum qilgan».

2024 yil 28 iyulida Venesuelada saylov bo‘lib o‘tdi. Venesuela Milliy saylov kengashi Maduro 51,2 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Muxolifat rasmiylarining aytishicha, Maduroning raqibi Edmundo Gonsales Urrutia saylovda 73 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.

Venesuelada saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin norozilik namoyishlari boshlandi.

AQSh hukumati Gonsalesni prezidentlik saylovida g‘olib deb tan oldi.

Ko‘proq yangiliklar: