Ispaniya beshta aviakompaniyani salkam 180 mln yevro jarimaga tortdi

Jahon 22:17 / 22.11.2024 726

Ispaniya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi Ryanair, easyJet, Vueling, Norwegian va Volotea aviakompaniyalarini yo‘lovchilardan qo‘l yuki uchun to‘lov undirgani sabab jami 179 million yevro jarimaga tortdi, deb xabar beradi Reuters.

Vazirlik may oyida e’lon qilingan jarimalarni tasdiqlagan va kompaniyalar tomonidan berilgan apellyatsiyalarni rad etgan.

Ta’kidlanishicha, aviakompaniyalar mijozlardan katta o‘lchamdagi qo‘l yuki, joy tanlash yoki bortga chiqish talonlarini chop etib berish uchun to‘lov undirgan, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish joyida naqd puldagi to‘lovlarni amalga oshirishga yoki bortda tovarlarni xarid qilishga ruxsat bermagan.

Ryanair 108 million yevro, Vueling — 39 million yevro, easyJet — 29 million yevro, Norwegian — 1,6 million yevro va Volotea — 1,2 million yevro jarimaga tortildi.

Alohida bayonotda aytilishicha, Ispaniyaning ALA aviakompaniyalar guruhi belgilangan jarima ustidan sudga shikoyat kiritadi. ALA’dagilar vazirlik qarorini «bema’nilik» deb atab, bu kabi qarorlar erkin bozor va YeI qoidalarini buzishini bildirdi.

Ryanair joriy yilning mart oyida eng yaxshi yillik foydasi haqida ma’lum qilgandi, chunki yo‘lovchilar oqimi va daromadlar oshishi operatsion xarajat keskin oshganini qoplab ketgan. Aviakompaniya 184 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan — bu koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan davrdan 23 foizga ko‘p.

Ko‘proq yangiliklar: