Jahon | 22:23 / 19.02.2025
2563
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya va Misr G‘azo sektoridagi falastinliklarning ko‘chirilishiga qarshi chiqdi

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Donald Trampning G‘azo sektoridagi falastinliklarni ko‘chirish borasidagi taklifi xalqaro huquqqa zid ekanini ma’lum qildi.

Foto: France 24

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektori aholisini anklav hududidan ko‘chirish to‘g‘risidagi tashabbusini rad etdi. Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida u bunday reja xalqaro huquqqa zid ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, Sanches Ispaniya Falastinda ikkita davlat tuzish to‘g‘risidagi rejaning amalga oshirilishiga sodiqligini tasdiqladi.

As-Sisi Ispaniya bosh vaziriga mazkur pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroilda taqiqlangan BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi falastinliklarga yordam ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi.

Abdulfattoh as-Sisiy va Pedro Sanches, shuningdek, Misr va Ispaniya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani hamda turli sohalarda bir qator anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Fevral boshlarida Tramp Isroil AQShga G‘azo sektorini topshirishini, uning aholisi esa Misr va Iordaniyaga ko‘chirilishini ma’lum qilgandi. «AQSh G‘azo ustidan nazoratni qo‘lga oladi. Biz unga egalik qilamiz va u yerda portlamay qolgan xavfli bombalar hamda qurollarni yo‘q qilish, vayron bo‘lgan binolarni butunlay buzib, tekislab tashlash mas’uliyatini ham o‘z zimmamizga olamiz. Biz u yerda iqtisodiy taraqqiyot va sanoqsiz ish joylari, mintaqa odamlari yashashlari uchun turar-joy barpo etamiz», degandi Tramp.

AQSh prezidentining rejasi ko‘plab davlatlar va tashkilotlarning rahbarlari tanqidiga uchradi. Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashi tomonidan tuzilgan mustaqil komissiya raisi Navi Pilley Tramp «xalqaro huquqdan achinarli darajada bexabar» ekanini ma’lum qildi. Arab davlatlari ligasi rahbari Ahmad Abdul Geyt esa G‘azo sektoridagi falastinliklarning ko‘chirilishini «qabul qilib bo‘lmasligini» aytdi.

Mavzuga oid