Jahon | 18:36 / 20.02.2025
15134
3 daqiqa o‘qiladi

Misrda 100 yil ichida ilk bor fir’avn qabri topildi. Unda Tutmos II dafn etilgan

Tutmos II haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Olimlar hatto uning hukmronlik davri haqida ham bahslashadi.

18 fevral kuni Buyuk Britaniya va Misr arxeologlari Fiva qabristonida miloddan avvalgi 1500 yillar atrofida Qadimgi Misrda hukmronlik qilgan fir’avn Tutmos II qabrini topdi. Bu haqda Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma’lum qildi.

Topilma 1922 yilda Tutanxamon qabri kashf etilganidan keyingi ilk fir’avn qabri bo‘ldi, deydi vazirlik rahbari Sharif Fathi.

Foto:  AFP / Scanpix / LETA

Maqbaraning asosiy yo‘lagiga kirish joyi 2022 yil oktyabr oyida Luksor (qadimgi Fiva) atrofidan topilgan. Dastlab olimlar bu maqbara Tutmoslar sulolasiga mansub qirollik oilasi a’zolaridan biriga tegishli bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan. Chunki unga yaqin joyda Tutmos II ning rafiqasi — uning vafotidan so‘ng taxtga chiqqan malika Xatshepsut maqbarasi, shuningdek, Tutmos II ning o‘g‘li fir’avn Tutmos III ning xotinlari maqbarasi joylashgan edi.

Yangi qazishmalar natijasida bu qabr fir’avn Tutmos II ning o‘ziga tegishli ekani aniqlandi. Bunga topilgan ashyolar, ayniqsa, marhum Tutmos II va malika Xatshepsutning nomlari bitilgan alebastr ko‘zalar bo‘laklari dalil bo‘lmoqda.

Foto:  AFP / Scanpix / LETA

Bundan tashqari, arxeologlar fir’avnning dafn jihozlari qoldiqlarini topdi. Topilgan parchalar orasida ko‘k rangli yozuvlar tushirilgan suvoq qoldiqlari, shuningdek, Qadimgi Misr fir’avnlarining maqbaralarida uchraydigan “Am-Duat kitobi” tasvirlari mavjud.

Fir’avn Tutmos II dafn etilganidan ko‘p o‘tmay, suv toshqini sodir bo‘lib, qabrning ichki qismiga jiddiy zarar yetgan. Tadqiqotchilar suv toshqinidan keyin qabr ichidagi narsalar boshqa joyga ko‘chirilganini aniqladi.

Tutmos II ning mumiyosi 1881 yilda Fiva nekropolidagi Dayr al-Bahri yashirin qabrida topilgan. N+1 nashrining yozishicha, bu yashirin joyda o‘nlab mumiyolangan inson qoldiqlari, jumladan, fir’avnlar Tutmos III, Seti I, Ramzes II va Ramzes III ning mumiyolari saqlanib kelgan. Tutmos II ning dastlabki dafn etilgan joyi esa shu paytgacha noma’lum bo‘lib kelayotgandi.

Tutmos II haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Olimlar hatto uning hukmronlik davri haqida ham bahslashadi: ba’zilar u taxminan uch-to‘rt yil, boshqalari 14 yildan ortiq hukmronlik qilgan, deb hisoblaydi. Yangi topilma ham Tutmos II hayoti haqida deyarli hech narsa aytmaydi.

Mavzuga oid