Qurollangan bosqinchilar Fransiyaning Paray-le-Monia komunnasidagi muzeydan milliy boylik sifatida tan olingan qariyb 7 million yevrolik zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketdi.
Komunna meri Jan-Mark Nesmening so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar parijlik zargar Jozef Shome tomonidan 1904 yilda yaratilgan Via Vitae («Hayot tarzi») eksponatining bir qismi hisoblanadi. Kompozitsiya brilliantlar va boshqa qimmatbaho toshlar, marmar, oltin va fil suyagi bilan bezatilgan 138 ta bo‘lakdan iborat. San’at namunasida Iso Masihning hayot bosqichlari tasvirlangan.
Qayd etilishicha, o‘g‘irlik 21 noyabr kuni kunduzi sodir bo‘lgan. Bosqinda to‘rt kishi ishtirok etgan: uch nafari muzeyga kirgan, bir nafari tashqarida turgan. Avvaliga jinoyatchilar havoga o‘q uzgan, keyin esa eksponat saqlangan himoya oynasida teshik hosil qilgan. Shundan so‘ng ular teshik orqali tilla buyumlar va fil suyaklari, shuningdek, zumrad bilan bezatilgan taqinchoqlarni chiqarib olgan.
Zargarlik buyumlarini qo‘lga kiritgan o‘g‘rilar mototsikllarga o‘tirib, jandarmlardan berkingan. «Bu Paray-le-Monia va mamlakat merosi uchun ulkan yo‘qotish», — deydi mer.
O‘g‘irlik sodir etilgan vaqtda muzeyda 20 nafar tashrif buyurchi va muassasa xodimlari bo‘lgan, ularning hech biriga shikast yetmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyadagi ushbu muzeydan 2017 yilda oltindan yasalgan ikkita toj ham o‘g‘irlab ketilgan.