Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili 21 noyabr, payshanba kuni Britaniya parlamentining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida: «So‘nggi haftalarda biz Putin va uning qurolli kuchlari tomonidan vaziyat keskinlashtirilganini ko‘rdik», deya Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi vaziyat eskalatsiyasida aybladi. Vazirning ta’kidlashicha, Rossiya qish arafasida Ukraina energiya ta’minoti tizimiga, shuningdek, tinch aholi nishonlariga hujumlarini kengaytirgan.
Britaniya mudofaa idorasi rahbarining aytishicha, «Rossiya kamida 10 ming Shimoliy Koreya askarini frontga jo‘natgan. Va bugun OAVda Rossiya Ukrainaga yangi ballistik raketa uchirgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar bor. Bilaman, ular bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rishgan». U frontdagi vaziyatning jiddiyligini ta’kidlab, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri uning chizig‘i shu qadar beqaror bo‘lmaganini ta’kidladi.
Mudofaa vaziri va bosh vazir Storm Shadow masalasiga izoh bermadi
Xili Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiya hududiga hujumlar uchun Britaniyaning Storm Shadow raketalaridan foydalanilgani ehtimoli haqida izoh bermadi. U «operativ xavfsizlik»ni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun mojaro tafsilotlariga aniqlik kiritmasligini va bunday ommaviy muhokama faqat Putinga foyda keltirishini aytdi. Vazir, shuningdek, Britaniya hukumati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirayotganiga shubha bo‘lmasligi kerakligini bildirib o‘tdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Jamoatlar palatasida so‘zlagan nutqida Rossiyaga Storm Shadow hujumlari haqidagi xabarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi «har doim o‘zini himoya qilishga qaratilgan, mutanosib, muvofiqlashtirilgan, moslashuvchan va Rossiya harakatlariga javobdir. Bu xalqaro huquq normalariga mos keladi».