Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2025-2030 yillarda teatrlarda «Milliy qahramon» va «Inson qadri uchun» mavzularida 32 ta turkum spektakllar yaratish taklif etilmoqda.
Sahna asarlarini yaratishda ijodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, dramaturgiya va rejissyorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, teatr dramaturglari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlarni ta’sis etish, «Nigoh» ijodiy loyihasini yo‘lga qo‘yish, milliy akademik musiqa san’ati bo‘yicha kompozitorlar tanlovini o‘tkazish taklif etildi.
Madaniyat va san’atning ta’lim bilan uzviy hamkorligini mustahkamlash, talabalarning teatrlarda amaliy mashg‘ulotlarini kegaytirish, teatr sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishiga buyurtmalar berish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Teatr aktyor va rejissyorlari, teatrshunos va san’atshunoslarning mahorat maktablari tashkil etiladi. Teatr tanqidchilari va dramaturglar klubi tashkil etilib, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Har yili nodavlat teatrlarga ham davlat buyurtmasi beriladi.
Umumiy va oliy ta’lim muassasalarida havaskor teatr jamoalari tuzilib, ular o‘rtasida tanlovlar o‘tkaziladi. Yoshlarni teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi «Teatr – ibratxonadir» dasturi amalga oshiriladi.
Kelgusi yildan O‘zbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi. Hududlardagi teatr binolari mukammal ta’mirlanib, zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga «akademik» maqomi beriladi.
Bundan tashqari, taqdimotda soha vakillarini rag‘batlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 2025 yildan boshlab, madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi oshirilishi belgilandi.
Moddiy manfaatdorlik xodimning ish samaradorligi (KPI) ko‘rsatkichlariga bog‘lanadi. Unda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, olis hududlarga gastrollar uyushtirish, yangi asarlar yaratish, iqtidorli yosh ijodkorlarni izlab topish kabi mezonlar inobatga olinadi.
Shuningdek, 2025 yildan boshlab O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri xodimlarining ish haqi oshirilib, moddiy rag‘batlantiriladi. Orkestr jamoasi tomonidan davlat buyurtmasi asosida har yili yangi musiqiy asarlar yaratiladi, mahoratli dirijyor, orkestr ijrochilarining mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Orkestri jamoasining yurtimiz hududlari va xorijiy gastrol safarlari tashkil etiladi, yirik korxona va tashkilotlar xodimlari uchun konsert namoyishlari tashkil etiladi.
Shu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at ta’limini yangi bosqichga ko‘tarish masalalari bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berildi. Xususan, iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash, saralash va o‘qitish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, shuningdek, umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, kasbiy, oliy ta’lim tashkilotlari hamda madaniyat va san’at tizimidagi ta’lim muassasalarida o‘quv rejalari va dasturlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.