Iqlim o‘zgarishi to‘fonlar tezligini oshirmoqda - tadqiqot

Jahon 23:01 / 21.11.2024 723

Iqlim o‘zgarishi to‘fonlar intensivligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatib, ularning vayronkor kuchini oshirmoqda. Bu haqda Environmental Research:Climate’da e’lon qilingan tadqiqotda so‘z boradi.

Maqolada qayd etilishicha, Atlantika to‘fonlari tezligi 2019 yildan 2023 yilga qadar o‘rtacha soatiga 29 kilometrga oshgan. Buning asosiy sababi — Atlantika okeanidagi haroratning 2-3 darajaga, ba’zi hududlarda esa 4 daraja Tselsiygacha ko‘tarilganida.

Tadqiqotning yetakchi muallifi Deniyel Giffordning so‘zlariga ko‘ra, yuqori toifadagi to‘fonlar katta zarar keltirishi bilan xavotirli. Masalan, beshinchi toifadagi to‘fon birinchi toifaga kiruvchi to‘fondan 400 barobar ko‘proq vayronkor bo‘lishi mumkin.

Joriy yilda kuzatilgan eng kuchli to‘fonlar — bu «Beril», «Xelen» va «Milton» bo‘lib, iqlim o‘zgarishi sabab ularning tezligi soatiga 26-39 kilomertga oshgan.

Olimlarning taxminicha, iqlim o‘zgarishiga qarshi faol kurashilmasa, bu kabi tabiiy ofatlarning insoniyat uchun yangi tahdidlari oshib boradi.

Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish global isish Tinch okeanidagi orol davlatlarga xavf solayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, BMT rahbari dunyo aholisini issiqlikdan himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgan edi. Tashkilot so‘nggi o‘n yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: