Bo‘kada 20 yoshli homilador ayol operatsiya vaqtida vafot etdi

Jamiyat 17:33 / 21.11.2024 10564

Bo‘ka tumanida 20 yoshli ayolning tug‘uruqxonada vafot etgani haqida ayolning yaqinlari olgan videosi tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan rasmiy munosabatga ko‘ra, 2004 yilda tug‘ilgan ayol Toshkent viloyati Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga 17 noyabr kuni soat 14:30 lar atrofida kelgan. Ayolni uning onasi yo‘llanma asosida olib kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, bemor “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi bilan muassasaga yotqizilgan. “Shunga qaramay, ayol o‘sha kuni soat 17:10 lar atrofida tilxat asosida shifoxonadan chiqib ketgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.

20 noyabr kuni soat taxminan 04:50 da bemor N.S. tug‘uruq bo‘limiga qayta murojaat qilgan va tanasida shishlar hamda sariqlik belgilari bilan og‘ir ahvolda qabul qilingan. Unga “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, o‘tkir yog‘li gepatoz, anemiya o‘rta og‘ir daraja, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi qo‘yilgan. Soat 13:10 lar atrofida davolanish vaqtida ayolning ahvoli og‘irlashgan va shifokorlar konsiliumidan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning holati bo‘yicha viloyat perinatal markaziga xabar berilgan.

Vazirlik ayolning salomatlik holati hisobga olinib soat 14:55 da jarrohlik amaliyotiga olingani va operatsiya chog‘ida bemorda barcha in’yeksion muolajalar tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq bajarilganini qo‘shimcha qilgan. Lekin N.S.ning umumiy ahvoli jarrohlik amaliyoti bajarilayotgan davrda yanada og‘irlashib, klinik o‘lim holati sodir bo‘lgan. Tegishli reanimatsion muolajalar bajarilishiga qaramay, bemorda soat 17:50 atrofida biologik o‘lim qayd etilgan.

Dastlabki xulosaga ko‘ra, holat sababi sifatida o‘pka arteriyasining tromboembolik sindromi, og‘ir gepatoz, o‘tkir jigar yetishmasligi, urosepsis, septik shok qayd etilgan va soat 20:00 lar atrofida prokuratura organlariga rasmiy axborot berilgan. “Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh akusher-ginekologi rahbarligidagi ishchi guruh xizmat tekshiruvini amalga oshirmoqda. O‘z navbatida, Bo‘ka tumani prokuraturasi tomonidan ona o‘limi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilyapti”, – deyilgan rasmiy xabarda.

Vazirlik tibbiyot muassasalarida sodir bo‘lgan har qanday o‘lim holatlari patanatomik tekshiruvga yoki sud-tibbiy ekspertizaga, biologik o‘lim qayd etilgandan so‘ng ikki soat davomida yo‘naltirilishini eslatgan.

Ko‘proq yangiliklar: