BFQ iste’mol qilish natijasida odamlar sog‘ligi yanada yomonlashgan – Raqobat qo‘mitasi

O‘zbekiston 13:36 / 21.11.2024 2151

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va Telegram’dagi guruh va kanallar orqali ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar va suvlarni og‘ir kasalliklarning oldini olishda eng maqbul va samarali vosita ko‘rinishida targ‘ibot qilish kuchaygan. Bu bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Bunda ushbu mahsulotlarning «ming bir xastalikka davo» sifatida, «mo‘jizakor» ta’siri haqida iste’molchilarni chalg‘itadigan yolg‘on yoki noaniq, bo‘rttiruvchi iboralar asosida reklama qilinishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, ta’sir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi iste’molchilarning rejali (an’anaviy) davolashdan voz kechib, o‘z-o‘zini davolash usullarini keng qo‘llashiga, hattoki fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda.

«Ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuyg‘ularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirilmagan bo‘lsa-da), davolash uchun tavsiyalar va ko‘rsatmalar berish orqali iste’molchilarda mahsulotlarga nisbatan ishonchning sun’iy ravishda oshirilishiga va pirovardida noto‘g‘ri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda.

Achinarlisi, bunday mahsulotlarning diniy blogerlar tomonidan bevosita reklama qilinishi iste’molchilarni chalg‘itib, ularda ushbu mahsulotlarning dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida yanglish fikrlar shakllanishiga hamda ularni iste’mol qilinishiga undamoqda», deyiladi qo‘mita xabarida.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasiga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularning iste’moli natijasida sog‘ligi yanada yomonlashganligi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida BFQlar bo‘yicha mingtaga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilarga 118 mln so‘m moddiy zararlar qoplanishi ta’minlangan.

 Ma’lumot uchun: «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga doir talablar belgilangan:

  • ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
  • ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligi, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
  • ularning qo‘llanganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi; sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
  • ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
  • har bir holda reklama obekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.

Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik - bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Raqobat qo‘mitasi bunday reklamani tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka asos bo‘lishi haqida ogohlantiryapti.

Ko‘proq yangiliklar: