Lukashenko 21 nafar sobiq kuchishlatar tizimlar vakillarini unvonidan mahrum qildi

Jahon 01:39 718

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 21 nafar sobiq harbiy va kuch tuzilmalari xodimlarini harbiy hamda maxsus unvonlardan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Lukashenko matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu Belarusda 2020 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari bilan bog‘liq.

«2020 yili ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinlashgan davrda ular harbiy xizmatchi maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan nomaqbul xatti-harakatlar sodir etgan», — deyiladi xabarda.

Belarusda so‘nggi saylovlar 2020 yil 9 avgustda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Markaziy saylov komissiyasi 80,1 foiz ovoz bilan Aleksandr Lukashenkoni g‘olib deb topgan. Uning raqibi Svetlana Tixanovskaya rasman 10 foiz ovoz to‘plagan. Saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi. Tixanovskaya mamlakatni tark etgan va unga qarshi bir necha jinoiy ish ochilgandi.

Amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 1994 yildan beri — ketma-ket olti muddat prezident sifatida faoliyat yuritmoqda. Joriy yil fevral oyida u yana o‘z nomzodini qo‘yish rejalari haqida gapirgan, biroq avgust oyida u fuqarolarni mamlakatda yangi prezident bo‘lishiga «ko‘nikishga» chaqirgan edi. Shu bilan birga, u belaruslarni «ertaga yoki indinga» tark etmasligini ta’kidlagan.

Oktyabr oxirlarida Vakillar palatasi (Belarus parlamentining quyi palatasi) navbatdagi prezidentlik saylovi sanasi haqida qaror qabul qilgan — saylov 2025 yil 26 yanvarida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: