AQShning Rossiya ichkarisidagi nishonlarga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofaga uchishga qodir raketalar orqali zarba berish bo‘yicha qarori YeIga a’zo davlatlarning TIV rahbarlari uchrashuvida muhokama qilingan. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida Borreldan Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Jo Bayden Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga uzoq masofali raketalarni uchirishga ruxsat berishga qaror qilganini qanday izohlashi so‘raldi.
Borrel bunga javoban Bayden administratsiyasi Ukrainaga raketalarni Rossiya hududi bo‘ylab 300 kilometr ichkariga va 300 kilometr radiusda qo‘llashga ruxsat berganini bildirdi. «Bu unchalik ko‘p emas, ammo bu Bayden administratsiyasining qarori», — deydi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Shuningdek, Borrel mazkur qaror nima uchun hozir qabul qilinganini bilmasligini, ammo u oldinroq muhokama qiliganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Borrelning so‘zlariga ko‘ra, TIV rahbarlari yig‘ilishida Rossiyadagi nishonlarga zarba berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish borasida umumiy qaror qabul qilinmagan. Ushbu masalani har bir davlat mustaqil hal qiladi.
Jo Bayden Ukrainaga o‘z ixtiyoridagi ATACMS uzoq masofali raketalardan Rossiyaning Kursk oblastidagi harbiylari himoyasi uchun foydalanishga ruxsat bergani to‘g‘risida AQShdagi qator ommaviy axborot vositalari yozdi. Biroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Jon Fayner prezident Jo Bayden ukrainalik harbiylarga Rossiya hududiga chuqur zarba berish uchun ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat bergani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi.