AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyati o‘z muddati tugashiga bir necha kun qolganida, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana bir bor kuchaytirdi, shuningdek, allaqachon kiritilgan sanksiyalarning bir qismi Donald Tramp tomonidan ehtimoliy yumshatilishiga to‘siq qo‘ydi. 15 yanvar, chorshanba kuni e’lon qilingan ro‘yxatga sanksiyalardan qochishda gumon qilingan 250 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, Xitoy, BAA va Turkiyada joylashgan shaxslar kiritilgan.
AQSh sanksiyalari ro‘yxatidagi yangi figurantlar
Boshqa narsalar qatorida, AQSh Rossiya qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasiga va Moskva tomonidan ushbu stansiyaning «bosh direktori» etib tayinlangan Vladislav Isayevga qarshi sanksiyalar kiritdi. Rossiyaning o‘nlab kompaniyalari va jismoniy shaxslari orasida «UMK-Stal», «Voyentorg» harbiy tovarlar do‘konlari tarmog‘i, Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan Moskva oblastida tashkil etilgan «Patriot» ko‘rgazma markazi ham bor.
Bundan tashqari, qora ro‘yxatga "Takticheskoye raketnoye voorujyeniye" korporatsiyasi, "Barnaultransmash", "Aeroelektromash", Maxsus mashinasozlik markaziy ilmiy-tadqiqot instituti va Fizik o‘lchovlar ilmiy-tadqiqot institutlari kiritilgan.
Yevropa Ittifoqi Rossiyadan alyuminiy importini taqiqlashi mumkin
Yevrokomissiya (YeI) Moskvaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi doirasida Rossiya alyuminiyining importini taqiqlashni taklif qilmoqchi, deb xabar berdi Reuters 14 yanvar kuni yevropalik diplomatlarga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, YeI «yevroittifoq mamlakatlari bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazib, bo‘lajak sanksiyalar tafsilotlarini muhokama qilgan». Diplomatlardan biri birlamchi alyuminiy importiga taqiq «bosqichma-bosqich joriy etilishini» qo‘shimcha qildi.
Yevrokomissiya 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan Moskvaga qarshi yangi jazo choralari paketini qabul qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Reuters. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxirida Yevropa Ittifoqining 10 ta davlati Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikka, xususan, metallar savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni taklif qilgan.