Baydenning bu qarori haqida dastlab yakshanba kuni The New York Times va The Washington Post gazetalari xabar qildi, keyinroq bu informatsiyani o‘z kanallari orqali CNN va CBS telekanallari olishgan.
Gazetalarning anonim manbalari Rossiyaning Kursk oblastiga shimoliy koreyalik askarlar jo‘natilganiga javoban Bayden shunday qarorga kelganini hikoya qilishgan.
«Mulozimlardan biri bu qadam Pxenyanni yangi qo‘shin jo‘natishdan qisman tiyishga qaratilganini aytdi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong In dastlabki harbiy qismlarning jo‘natilishi qimmatga tushuvchi xato bo‘lishini anglashi kerak, dedi mulozim», — deb yozgan Washington Post.
ATACMS (Army Tactical Missile System) — bu taktik ballistik raketa bo‘lib, ularni HIMARS qurilmalaridan ham uchirish mumkin. Uning turli modifikatsiyalari turlicha parvoz masofasiga ega va eng olis uchish masofasi 190 mil, ya’ni 306 km.
Shu paytgacha Vashington o‘z raketalari bilan Rossiya hududi ichkarisiga zarba berishga ruxsat bermayotganini eskalatsiya kuchayishi mumkinligi bilan tushuntirib kelayotgandi. CNN sharhlovchisi tushuntirishi, Rossiya AQSh va NATOning boshqa davlatlari hududida qo‘poruvchilik uyushtirish bilan javob berishidan xavotirlanib kelishgan.
Amerika gazetalari hamsuhbatlari so‘zlariga ko‘ra, bu xavotir hamon saqlanmoqda. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, aynan shu sababli Baydenning ruxsati bilan uchiriladigan raketalar oqibatlari «o‘ta konkret va cheklangan» bo‘ladi.
«Men bu ruxsat hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylamayman», — degan BBCʼga anonim qolishni istagan Kiyevda yashovchi g‘arblik diplomat.
«Bu o‘rtaga tikilgan davolarni yanada oshirish va Ukrainaga harbiy ko‘makni namoyish etishga qaratilgan ramziy qaror. Bu Rossiya uchun urushning tushovini qimmatlashtirishi mumkin», — degan diplomat.
Ekspertlar nima fikrda?
Karnegi fondining harbiy eksperti Maykl Kofman Washington Post muxbiriga aytishicha, ATACMS raketalarini ishlatishga ruxsat ukrainlarga avgust oyida egallangan Kursak oblastining bir qismini ishonchliroq mudofaa qilish imkonini beradi.
BBC’ning AQShdagi muxbirlari xabariga ko‘ra, Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga o‘zi egallab turgan kelgusidagi muzokaralarda kuchli ko‘zir sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan Rossiya hududining bir qismini ushlab turishga yordam berishini ma’lum qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kecha kechqurun shunday degan: «Bugun media olamidagi juda ko‘pchilik biz zarur harakatlar olib borishga ruxsat olganimiz haqida yozmoqda. Lekin zarbalar so‘z bilan berilmaydi. Bunday narsalar anons qilinmaydi. Hamma gapni raketalarni o‘zlari aytadi. Albatta».
AQShning NATO qoshidagi sobiq doimiy vakili va Donald Trampning birinchi ma’muriyati chog‘ida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘lib ishlagan Kurt Volker BBCʼga shunday degan: «Ukrainaga Amerika qurollaridan foydalanish masofasini cheklab, AQSh Ukrainaga o‘z-o‘zini mudofaa qilishni asoslanmagan tarzda birtomonlama cheklab qo‘ygan edi».
Volkerga ko‘ra, ATACMS’dan foydalanishni cheklash bo‘yicha «Rossiyani «provokatsiya» qilishdan cho‘chib, mutlaqo erkin tarzda» qaror qabul qilingan. «Biroq, siyosatni o‘zgartirish haqida omma oldida bunday e’lon bilan chiqish xato. Bu Rossiyani Ukrainaning ehtimolli zarbalaridan Rossiyani avvaldan xabardor qiladi», — degan u.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12 sentabr kungi chiqishida Rossiya ichkarisiga raketalar bilan zarba berish NATOning urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokini anglatishini aytgan edi. Putinning mantig‘iga ko‘ra, bunday raketalar sun’iy yo‘ldoshlar orqali boshqariladi, Ukrainada o‘zining bunday qurilmalari yo‘q, raketalar NATO davlatlari sun’iy yo‘ldoshlari orqali nishonga yo‘naltiriladi.
Ko‘plab harbiy sharhlovchilar Rossiya ichkarisiga raketa zarbalari berishga ruxsat urush borishini o‘zgartira olmasa ham, Ukrainaga mudofaani ushlab turishga ko‘maklashishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
CNN sharhlovchisi fikricha, AQSh Ukrainaga shunchaki urushni butkul o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan miqdorda raketa bermaydi. Barak Obama davrida mudofaa vazirligida AQShning Rossiya va Ukraina bilan munosabatlariga mas’ul bo‘lgan Evelin Farkas ham shunday fikrda.
«Albatta, bosh masala ukrainlarda qancha raketa bo‘lishi. Biz Pentagon Ukrainaga ko‘p raketa yetkazib bera olmasligidan ogohlantirganini ham eshitdik», — degan Farkas.
ATACMS barcha dardlarga davo bo‘la olmasligini Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi rahbari Sergiy Kuzan ham ta’kidlagan. «Bu urushning borishini o‘zgartira olmaydi, lekin fikrimcha, ko‘p jihatdan kuchlarimizni tenglashtiradi», — degan u.
Kuzanning fikricha, Baydenning ruxsati Kursk oblastining egallangan qismida tobora kutilayotgan Rossiya va KXDR qo‘shinlarining katta qarshi hujumini qaytaradi.
Yevropa va Kremlning reaksiyasi
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Jozep Borrel YeI a’zolari ham Ukrainaga Rossiyaning ichkarasiga uzoq masofaga ucha oluvchi qurollar bilan zarba berishga ruxsat berishidan umid qilayotganini bildirdi.
«Men bir necha marta Ukraina biz yetkazib berayotgan qurollardan to‘laqonli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak, deb ta’kidlab kelganman. Ular nafaqat kamon o‘qlarini to‘xtatishi, kamonchilarni ham nishonga ola bilishi zarur», — degan Borrel YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan Bryusseldagi uchrashuv oldidan.
«Men hamon bu ishga qo‘l urish kerak, deb hisoblayman. Aminmanki, biz buni yana bir bora muhokama qilamiz. Umid qilamanki, a’zo davlatlar bunga ko‘nishadi», — deya qo‘shimcha qilgan Borrel.
Kreml o‘z navbatida Baydenning ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsatini «sifat jihatidan yangi vaziyat» deb atagan.
«Agar shunday qaror shakllantirilgan bo‘lsa va Kiyev rejimiga yetkazilgan bo‘lsa, bu Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu mojaroga tortilishi nuqtayi nazaridan taranglikning sifat jihatidan yangi tuguni va sifat jihatidan yangi vaziyat», — degan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Peskovning eslatishicha, sentabr oyida Putin bu mavzu bo‘yicha bayonot bergan va javob choralari to‘g‘risida ogohlantirgan.
«Bu raketa tizimlariga parvoz vazifalarini faqat NATO harbiylari kirita olishi mumkin, — degan edi Putin. — Ukrainalik harbiylar buni qila olishmaydi». «Agar bu qaror qabul qilinsa, Yevropa va NATO davlatlari hamda AQShning Ukrainadagi urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokidan boshqa narsani anglatmaydi, — degan edi Rossiya prezidenti. — Bu NATO, AQSh va Yevropa davlatlari Rossiya bilan urush olib borayotganini anglatadi».
Putin bunga javob reaksiyasi aynan qanday bo‘lishini aytmagan, o‘z ogohlantirishini quyidagicha shakllantirgan edi: «Bizga yaratilayotgan tahdidlardan kelib chiqib, tegishli qarorlarni qabul qilamiz».