Tramp noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi

Jahon 21:56 / 18.11.2024 862

Yangi saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish uchun federal darajada favqulodda holat joriy etishga tayyorligi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Avvalroq Judicial Watch konservativ faollar guruhi rahbari Tom Fitton Trampning niyati haqida yozgan edi.

«Xushxabar: Donald Trampning yangi ma’muriyati mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishga va prezident Jo Bayden siyosatini o‘zgartirish va ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirish uchun harbiy kuch ishlatishga tayyor», deb yozdi Tom Fitton Truth Social tarmog‘ida.

Donald Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Tom Fitton xabarini repost qildi va unga «Rost!» deb izoh qoldirdi.

Donald Tramp 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi boshidan buyon noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish niyatida ekanini aytib keladi.

2024 yil may oyida TIME jurnali bilan suhbatda u Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlar sonini 15-20 million kishi deb hisobladi. Shu bilan birga, Wall Street Journal Trampning maslahatchilari va tarafdorlari immigratsiyani bostirish rejalarini tuzayotganini yozdi. Nashr manbalari chora-tadbirlar orasida hozirda amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan yuz minglab migrantlar uchun deportatsiyadan himoyalanishning bekor qilinishini tilga olgan.

Ko‘proq yangiliklar: