AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp energetika vaziri lavozimiga Denverda joylashgan Liberty Energy neft xizmatlari kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Kris Rayt nomzodini ilgari surdi. Bu haqda Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 16 noyabr, shanba kuni kechqurun chop etilgan bayonotida aytiladi.
«Kris yetakchi energetika texnologi va tadbirkor. U yadro, quyosh, geotermal, neft va gaz sanoatida ishlagan. Eng muhimi, Kris Amerikaning energetik mustaqilligini ta’minlagan va global miqyosda o‘zgargan slanets inqilobini boshlashga yordam berganlardan biri», deb yozgan Tramp o‘z bayonotida.
Qayd etilishicha, Rayt, agar uning nomzodi tasdiqlansa, Tramp 15 noyabr kuni tuzilishi haqida e’lon qilgan Milliy energetika kengashiga ham qo‘shiladi. Ushbu kengash raisi Shimoliy Dakota shtati gubernatori Duglas Bergam bo‘ladi, u avvalroq Tramp tomonidan ichki ishlar vaziri lavozimiga ko‘rsatilgan edi.
Tadbirkorning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh Energetika vazirligi rahbari sifatida «Amerika energiyasini yanada qulay, ishonchli va xavfsizroq qilish»ga e’tibor qaratishini aytdi.
Tramp kichik Kennedini SSV rahbari lavozimiga taklif qildi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp sobiq mustaqil nomzod kichik Robert Kennedini sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (HHS) vaziri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Tramp 14 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tegishli xabar qoldirdi.
«Uzoq vaqt davomida amerikaliklar oziq-ovqat sanoati va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan og‘ir vaziyatga duchor bo‘lib kelgan, ular jamoat salomatligi haqida gap ketganda aldash, chalg‘itish va noto‘g‘ri ma’lumot berishadi», deb yozgan Tramp.
«Barcha amerikaliklarning xavfsizligi va salomatligi har qanday ma’muriyatning eng muhim ustuvor yo‘nalishidir va HHS barchani zararli kimyoviy moddalar, ifloslantiruvchi moddalar, pestitsidlar, farmatsevtika preparatlari va oziq-ovqat qo‘shimchalaridan himoya qilishda katta rol o‘ynaydi», deya qo‘shimcha qildi u.
«Kennedi bu idoralarni ilmiy tadqiqotlar oltin standarti an’analariga va surunkali kasalliklar epidemiyasini tugatish hamda Amerikani yana buyuk va sog‘lom qilish uchun shaffoflik mayoqlariga qaytaradi!» — dedi respublikachi.