Jo Bayden xayrlashuv nutqida: AQShda oligarxiya shakllanmoqda

Jahon 09:58 3488

15 yanvar, chorshanba kuni o‘z lavozimini tark etayotgan AQSh prezidenti Jo Bayden xalqqa xayrlashuv nutqida amerikalik fuqarolarni mamlakatda rivojlanayotgan «oligarxiya»ga qarshi «ehtiyot bo‘lishga» chaqirdi. 82 yoshli demokrat o‘zining yagona prezidentlik muddati yakunida: «Bugun Amerikada oligarxiya shakllanmoqda, bu bizning butun demokratiyamizga tom ma’noda tahdid solmoqda», dedi va bu «hokimiyatning bir necha super boy odamlarning qo‘lida to‘planishi» ekanligini aytdi.

Jo Bayden: Amerikaliklar noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘chkisi ostida qolgan

AQSh fuqarolari «hokimiyatni suiiste’mol qilishni kuchaytiruvchi noto‘g‘ri tushunchalar va noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘chkisi ostida qolmoqda», dedi Bayden X va Meta hamda ularning egalari, AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning maslahatchisi bo‘lgan Ilon Mask va Mark Tsukerbergni qoralab. 

Oq uy rahbari, shuningdek, prezidentlik davrida atrof-muhitni muhofaza qilgan holda iqtisodiy o‘sishga erishganini aytdi. «Biz ikkalasini ham qilyapmiz, ammo qudratli kuchlar iqlim inqirozini hal qilish uchun qadamlarimizni bekor etish maqsadida o‘zlarining nazoratsiz ta’siridan foydalanmoqchi», dedi Bayden.

CNN so‘rovlariga ko‘ra, Baydenni Oq uyni tark etishidan oldin ma’qullash reytingi 36 foizni tashkil etgan, bu uning prezidentligi davridagi eng past ko‘rsatkichdir. Ayni paytda, Donald Trampning 2021 yilda prezidentlik muddati yakunlanganidan so‘ng ma’qullash reytingi undan ham pastroq bo‘lib, 34 foizni tashkil qilgan.

Respublikachi Donald Tramp 20 yanvar kuni AQShning 47-prezidenti lavozimiga kirishadi.

Ko‘proq yangiliklar: