Rossiya Davlat Dumasi hukumatdan migratsiya parametrlarini belgilashni so‘radi

Jahon 18:10 1273

Rossiya parlamenti quyi palatasining hukumat rahbari Mixail Mishustinga noqonuniy migratsiyaga qarshi tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi murojaati loyihasi Davlat Dumasiga kiritildi. Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.

Deputatlar boshqa davlatlardan jalb etilayotgan mehnat resurslarining miqdori va sifatining aniq parametrlarini belgilashni so‘ramoqda.

Loyiha Davlat Dumasi nazorat qo‘mitasi va Migratsiya siyosati komissiyasi rahbari Irina Yarovaya tomonidan tayyorlangan. Hujjatda aytilishicha, Davlat Dumasi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun tizimli qonunchilik bazasini yaratgan. Bu o‘z navbatida, hukumat tomonidan tizimli qarorlarni shakllantirishni taqozo etadi.

«Davlat Dumasi taklif qiladi: mehnat migratsiyasini tartibga solishning yagona mezonlari va yondashuvlarini ishlab chiqish, boshqa davlatlardan jalb qilingan mehnat resurslari miqdori va sifatining aniq parametrlarini belgilash, ularni mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda asoslash, chet el fuqarolarining nazorat ostida bo‘lishi», deyiladi murojaatda.

Shuningdek, deputatlar chet ellik ishchilar va ularning ish beruvchilarining kasbiy ixtisoslashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga olish va tahlil qilishni ta’minlashni taklif qildilar. Bundan tashqari, migratsiya siyosati sohasida «bir-birini takrorlovchi va yangi axborot tizimlarini yaratishga barham berish» taklif etilmoqda.

Rossiyada immigratsiya qonunchiligini kuchaytirish «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan keyin boshlandi. Iyul oyida xorijliklarni chiqarib yuborishning migratsiya rejimi va deportatsiya qilingan shaxslar reyestrini yaratish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Oktyabr oyida immigratsiya qonunchiligini buzganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunlar ham qabul qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: