Qahva spirtli ichimliklarga bo‘lgan ishtiyoqni o‘ldiradi - tadqiqot

Jahon 17:02 964

Hamma gap miyaning keyingi reaksiyasida, deydi Kalyari, Stenford va boshqa universitetlar tadqiqotchilari. Mutaxassislar spirtli ichimlikka bo‘lgan mayilni yengishda qahva yordam berishi mumkin, degan xulosaga keldi. Ular o‘tkazgan tadqiqot qahva o‘ziga qaramlikni keltirib chiqarsa-da, alkogolga bog‘liqlikdan xalos qilishi mumkinligini isbotladi.

Tadqiqotchilar o‘z tajribalarida erkak kalamushlarni kuzatdi. Ular uchta asosiy guruhga bo‘lindi: bir guruhga faqat alkogol, ikkinchisiga alkogol va kofein, uchinchisiga ba’zi retseptorlarni bloklaydigan va kofeinning ta’sirini kuzatishga imkon beradigan dorilar berildi.

Faqat suv ichadigan nazorat guruhi ham bor edi.

“Mutaxassislar bosh miyada sodir bo‘layotgan jarayonlarni kuzatdi. Ular tajriba tugagandan so‘ng har bir hayvonning a’zolarini laboratoriya sharoitida o‘rganib chiqdi”, — deyiladi materialda.

Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, kofein alkogol tufayli ajralib chiqadigan dopaminni samarali bloklaydi. Dopamin odamda qoniqish hissini uyg‘otadi va uning spirtli ichimliklarni qayta iste’mol qilish ehtimolini oshiradi. Shuning uchun, uzoq kutilgan bir qadah sharob kutilgan lazzatni bermasligi mumkin, natijada odam boshqa ichishni xohlamay qoladi.

Bundan tashqari, qahva mukofotlash tizimiga aloqador salsolinol nomli kimyoviy modda hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. Bu modda ham ichkilikni qayta-qayta iste’mol qilish istagini tug‘dirishi mumkin.

Yana bir xulosa shuki, kofein organizmga ta’sir qilgandan so‘ng (taxminan 30 daqiqadan keyin), dofamin neyronlarining faollashuvi avvalgidek kuchli bo‘lmagan: endi miya yaqinlashib kelayotgan ziyofatni quvonch bilan kutmayotgandi.

“Ilgari hech qachon spirtli ichimlik iste’mol qilmagan kemiruvchilarda kofeinning past dozalari miyaning mukofotlanish uchun javobgar bo‘lgan ma’lum qismida dopamin ajralishining oldini oladi”, — deb yozdi tadqiqotchilar.

Mutaxassislar qahva alkogol iste’molining ayrim xavfli oqibatlaridan, jumladan ong o‘zgarishidan himoya qila olishini aytdi. Bundan tashqari, ichish istagi ham kamayishi mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, kofein alkogolga qaramlikning oldini oladigan profilaktik vositalar uchun asos bo‘lishi mumkin.

Biroq tadqiqotda bir nechta cheklovlar mavjud. Birinchidan, faqat erkak jinsidagi kalamushlar o‘rganilgan. Ikkinchidan, kemiruvchilarning hech biri ilgari spirtli ichimliklarga qaram emasdi. Endi olimlar kofeinning potensial foydasini yaxshiroq o‘rganish uchun alkogolga qaram bo‘lgan turli jinsdagi hayvonlarda bir qator sinovlar o‘tkazmoqchi.

Ko‘proq yangiliklar: