Gurjiston prezidenti parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar sabab Konstitutsiyaviy sudga da’vo kiritadi

Jahon 22:50 / 18.11.2024 463

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili 26 oktyabr kungi parlament saylovlarida ovoz berish maxfiyligi ommaviy ravishda buzilgani yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasini kiritadi. Bu haqda u muxolifat yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.

U da’vo arizasini sudga 19 noyabr kuni ertalab yuborishini bildirgan.

«Mamlakatdagi birorta institut endi mustaqil emasligini barchamiz bilamiz. Va biz buning isbotini bir necha marta ko‘rdik, ammo mamlakatdagi biror-bir yuridik bahs ko‘rib chiqilmasdan qolishi kerak emas. Sudga da’vo kiritishimdan maqsad — tanlov oldida turgan sudyalarning vijdonini to‘liq sinovdan o‘tkazish — men qanday davlatni xohlayman, men bu mamlakatni kim bilan ko‘rishni xohlayman va bu mamlakat qayerga borishi kerak. Ularning javobi ham bundan kam ahamiyatli bo‘lmaydi», — deydi Zurabishvili.

26 oktyabr kuni Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» yetakchilik qildi. Prezident Zurabishvili hamda muxolifat natijalarni tan olmadi. AQSh Davlat departamenti esa xalqaro kuzatuvchilar xulosalarini tekshirishga chaqirdi.

Noyabr boshida ovoz berish maxfiyligi buzilganligi sababli 30 ta saylov uchastkasida saylov natijalari bekor qilindi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi 53,9 foiz ovoz olib, parlament saylovlarida rasman g‘alaba qozondi.

Gurjiston prezidenti Zurabishvili prokuraturaga borishdan bosh tortdi

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili prokuraturaga so‘roq uchun borishdan bosh tortdi, u parlament saylovlari natijalarini soxtalashtirish haqidagi so‘zlari yuzasidan tushuntirish berish uchun chaqirilgandi. «Men prokuraturaga bormayman», dedi Zurabishvili 30 oktyabr kuni ingliz tilida o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Zurabishvili o‘zining soxtalashtirish dalillarini taqdim etish uchun prokuraturaga chaqirilishini ahamiyatsiz deb atadi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, tergovni prokurorlarning o‘zlari olib borishi kerak. «Har qanday standart tergovda dalil to‘plash tergov idorasining zimmasidadir, men hech qachon tergov idorasi prezidentdan saylovlar bilan bog‘liq dalillarni taqdim etishni so‘raganini ko‘rmaganman», dedi Zurabishvili.

Ko‘proq yangiliklar: