Google o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari himoyasini kuchaytirishni davom ettirmoqda. Kompaniya hozirda Shielded Email nomli funksiya ustida ish olib boryapti, u o‘ziga xos bir martalik email-manzillar yaratish imkonini beradi. Ulardan turli sayt va ilovalarda ro‘yxatdan o‘tishda asosiy pochta qutisini ko‘rsatmay turib, foydalanish mumkin bo‘ladi.
Yangi funksiyaning ishlash mexanizmi sodda. Shielded Email’ni ishlatish davomida aniq biror sayt yoki ilova uchun noyob manzil yaratiladi. Undan yuborilgan barcha maktublar avtomatik ravishda asosiy pochta qutisiga jo‘natiladi. Agar manzil nomaqbul xat-xabarlarni qabul qila boshlasa, foydalanuvchi istalgan vaqtda bunday sinxronizatsiyani amalga oshirishi mumkin.
«Bunday yondashuv nafaqat spamlarga qarshi kurashishga, balki onlayn-faollikni kuzatish xatarini kamaytirishga ham yordam beradi. Shielded Email ma’lumotlar sizib ketish ehtimolini kamaytiradi», — deyiladi xabarda.
Apple kompaniyasi o‘z qurilmalarida bunday funksiyadan anchadan beri foydalanib keladi — iCloud’da Hide My Email servisi. Hozircha Shielded Email bepul funksiya bo‘ladimi yoki faqat Google One obunachilariga taqdim etiladimi noma’lum. Shuningdek, yaratiladigan manzillar soni cheklanish yoki cheklanmasligiga ham oydinlik kiritilmagan.
Mutaxassislarning taxminicha, Shielded Email Android’ning yaqin vaqtlardagi yangilanishida taqdim etiladigan asosiy funksiyaga aylanadi.