Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi

Jahon 17:30 1592

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 18 noyabr kuni Rio-de-Janeyroda G20 davlatlari yetakchilari uchrashuvida Rossiya—Ukraina urushini hozirgi sharoitda muzlatish taklifini taqdim etadi. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an rejasi Ukraina «Putinga yon bosish hisobiga» NATOga a’zo bo‘lish masalasini 10 yilga kechiktirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Turkiya prezidenti Donbass sharqida demilitarizatsiya zonasini yaratib, u yerda «qo‘shimcha kafolat sifatida» xalqaro qo‘shinlarni joylashtirish taklifini ilgari surmoqda.

Turkiyalik amaldorlar Bloomberg bilan suhbatda bunday taklifni qabul qilish Ukrainaga oson bo‘lmasligi, ammo ularning fikricha, «bu haqiqatga yaqin yondashuv» ekanini aytmoqda. Agentlikning yozishicha, turk amaldorlari «bosib olingan hududlar taqdiri haqidagi munozaralarni uzoq muddatli istiqbolda bir chetga surib, o‘t ochish to‘xtatilishini ta’minlash niyatida».

Erdo‘g‘an Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishga ko‘ndira olishiga umid qilyapti, chunki manbaning so‘zlariga ko‘ra, turk yetakchisi «jangovar harakatlar to‘xtatilmasa yaqin oylarda Ukraina yanada ko‘proq hududidan ayrilishi mumkinligidan dalolat beruvchi razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan».

«Katta yigirmatalik» sammiti 18-19 noyabr kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi. Rossiya va Turkiya G20 a’zosi, Ukraina esa yo‘q.

Ukraina prezidenti sammitda ishtirok etmaydi, chunki Zelenskiy Braziliya prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silvaning «taklif qilish borasidagi barcha iltimoslarini e’tiborsiz qoldirgan».

RF prezidenti Vladimir Putin o‘zining hibsga olinishi bo‘yicha xalqaro order amalda ekani bois forum ishiga «xalaqit» bermaslik uchun sammitga bormasligini ma’lum qilgan. Braziliya va Rossiya BRIKS a’zosi.

O‘z navbatida Kreml vakili Dmitriy Peskov Bloombergʼda e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirib, Rossiya Turkiya bilan yuqoridagi rejani muhokama qilmaganini qayd etdi. «Bunday holatda Putin tomonidan ishlab chiqilgan shartlar dolzarbligicha qolmoqda. Jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun shu ishni qilish kerak», — deydi Peskov.

Iyun oyida Putin Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha ilk bor o‘z shartlarini e’lon qilgandi. Ular orasida Ukraina qo‘shinlarini Lugansk, Donetsk, Zaporojye va Xerson viloyatlaridan olib chiqib ketish, ularni Rossiya hududi deb tan olish, shuningdek, Kiyevning NATOga qo‘shilish rejasidan voz kechishi kerakligi kabi talablar bor edi. Bundan tashqari, Putin G‘arbdan urush davomida Rossiyaga qo‘yilgan barcha sanksiyalar olib tashlanishini talab qilgan.

Oxirgi vaqtlarda Ukraina ittifoqchilari mojaro tomonlarini muzokaralar boshlashga undash harakatlarini oshirdi. Germaniya kansleri Olaf Shols 15 noyabrda ikki yarim yil ichida ilk bor Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Putin bilan gaplashishi mumkinligini istisno etmadi.

Volodimir Zelenskiy 16 noyabr kuni «Suspilne»ga bergan intervyusida Ukraina hukumati urushni 2025 yilda diplomatik yo‘l bilan yakunlash uchun «barcha ishni qilishi kerakligini» ta’kidlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: