Milliarder Ilon Mask samolyotlarni Starship kosmik raketalari bilan almashtirmoqchi. Bunda AQShdan Xitoyga parvozlar 40 daqiqadan kamroq vaqt oladi.
Mask rahbarlik qilayotgan SpaceX kompaniyasi bu yirik loyihani dastlab 2017 yilda taqdim etgandi. Starship raketasi soatiga 27 ming kilometr tezlikka erishishi taxmin qilingan. Buning natijasida Nyu Yorkdan Shanhayga parvoz atigi 39 daqiqa davom etishi mumkin bo‘lardi. Hozir buning uchun samolyotda 15 soatga yaqin vaqt ketadi.
Bundan tashqari, SpaceX loyihasiga ko‘ra, yo‘lovchilar Londondan Qo‘shma Shtatlarga yarim soatda, Tsyurixdan Sidneyga esa 50 daqiqada yetib borishi mumkin.
Raketaga 1000 nafargacha yo‘lovchi sig‘ishi rejalashtirilgan. Kosmik apparat uchirilgandan so‘ng orbitaga chiqishi va yerga parallel ravishda belgilangan joyga yetib borishi kerak. Biroq Starship’dagi odamlar bosim tufayli jiddiy zo‘riqishlarni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keladi, qolaversa, ularga xavfsizlik kamarlarini yechish taqiqlanadi. Boshqa muammolar orasida chipta narxi ham bor. Ularning taxminiy narxi oshkor qilinmagan, ammo hozirgi kunda raketalarning parvozi katta mablag‘ talab qiladi. Bir martalik parvoz kamida 50 million dollarga baholanmoqda.
Loyiha uzoq vaqt davomida shunchaki g‘oya bo‘lib keldi, biroq yaqin kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkin. 2024 yil noyabr oyida X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelishi bilan Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tez orada tegishli ruxsatnomani berishi mumkinligini aytdi. Uning taxminini Ilon Maskning o‘zi tasdiqladi. “Endi shunday ehtimol bor”, — deb yozdi milliarder, biroq u hech qanday yangi tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Avvalroq Mask yangi turdagi parvozlar paytida yo‘lovchilarga hojatxona yoki bort oshxonasi kerak bo‘lmasligini, chunki yo‘lovchilar yo‘lda juda kam vaqt o‘tkazishini ma’lum qilgandi.
Hozirda SpaceX kompaniyasi o‘ta og‘ir Starship raketasining navbatdagi parvoziga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uni 18 noyabr kuni koinotga jo‘natish rejalashtirilgan. Bu raketa uchun oltinchi parvoz bo‘ladi. Oldingi sinov 13 oktyabrda o‘tkazilgandi. U muvaffaqiyatli yakunlandi — ko‘p martalik Super Heavy raketa tezlatgichi hatto Yerga qaytib, o‘zi uchirilgan joyga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi.