T-Mobile uyali aloqa operatori xitoylik hakerlar hujumiga uchradi – OAV

Jahon 17:55 912

T-Mobile tarmog‘i Xitoy tomonidan kiber-josuslik amaliyoti chog‘ida buzib kirilgan tizimlar qatoridan joy oldi, deb xabar berdi The Wall Street Journal (WSJ) vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib.

Xitoy razvedkasi bilan bog‘liq hakerlar uyali aloqa operatori tizimlarini buzib kirgan va bir necha oy davomida telefon suhbatlarini kuzatib borgan.

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, hozircha T-Mobile mijozlaridan to‘plangan ma’lumotlar, qo‘ng‘iroqlar va xabarlar haqida aniq ma’lumot yo‘q. Kompaniya vakili T-Mobile tizimlari va ma’lumotlariga hech qanday «sezilarli tarzda» ta’sir qilinmaganini aytdi. «Bizda mijozlar ma’lumotlariga ta’sir bo‘lgani haqida hech qanday dalil yo‘q», dedi u jurnalistlarga.

T-Mobile kompaniyasiga hujum xitoylik xakerlarning Salt Typhoon deb nomlangan kiber-josuslik amaliyotining ma’lum qurbonlari ro‘yxatini kengaytirdi. Ba’zi amerikalik amaldorlar bu kampaniyani miqyosi va jiddiyligi jihatidan tarixiy va halokatli deb hisoblashadi. Avvalroq, oktyabr oyida AT&T, Verizon va Lumen Technologies telekommunikatsiya kompaniyalari Xitoy hakerlari qurboni bo‘lgani ma’lum qilingandi.

13 noyabr kuni e’lon qilingan FQB va Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) qo‘shma bayonotida xitoylik hakerlarning Amerika telekommunikatsiya tizimlariga kiberhujumlari kutilganidan ancha ko‘p bo‘lgani va natijada «nozik ma’lumotlar sizib chiqqani» ta’kidlanadi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, kiberhujumchilar shaxslarning, jumladan amerikalik siyosatchilar va amaldorlarning telefon suhbatlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘g‘irlagani, shuningdek, sud qarori bilan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan so‘ralgan ma’lumotlarga ega bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: