Human Righs Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti hisoboti e’lon qilindi, unda Isroil G‘azo sektoridagi falastinliklarning ommaviy ko‘chirilishi, shuningdek, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun mas’ul ekani ta’kidlanadi.
Hisobot Isroil 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumga javoban G‘azodagi Falastin qurolli guruhlariga qarshi harbiy hujum boshlagan davrni qamrab oladi. Huquq himoyachilari BMT ma’lumotlariga tayanib, 2024 yil oktyabr holatiga ko‘ra, G‘azo sektorida 2,2 million aholidan 1,9 million kishi uy-joyini tashlab ketganini ta’kidlamoqda. HRW tadqiqot uchun 39 nafar falastinlik bilan suhbat o‘tkazdi, shuningdek, Isroilning evakuatsiya bo‘yicha buyruqlari va G‘azo sektoridagi vayronagarchilikni hujjatlashtirgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqdi.
Huquq himoyachilarining xulosasiga ko‘ra, ko‘chirilish bo‘yicha ko‘plab harakatlar qasddan amalga oshirilgan, bu urush jinoyatlariga teng. Hisobotda, shuningdek, Isroil hukumati tomonidan majburiy ko‘chirish harakatlari keng tarqalgan va tizimli ekanligi haqida xulosa qilingan. Qo‘mondonlik mas’uliyati bo‘lgan yuqori martabali amaldorlarning bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, majburiy ko‘chirish Isroil davlat siyosatining bir qismidir va shuning uchun insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi.
Human Righs Watch tashkilotiga ko‘ra, Isroil aholini ko‘chirish uchun yetarli harbiy sabablarga ega emas edi. Evakuatsiya bo‘yicha buyruqlar nomuvofiq va noaniq bo‘lib, ko‘pincha yetarli vaqt berilmas yoki tinch aholiga umuman yetib bormasdi. Evakuatsiya G‘azo aholisiga yangi joyga ko‘chib o‘tganidan keyin xavfsizlikni kafolat bermagan, ko‘pincha qo‘rquv va sarosimaga sabab bo‘lgan, deyiladi hisobotda.
Belgilangan evakuatsiya yo‘llari va xavfsiz hududlar Isroil harbiylari tomonidan bir necha bor hujumga uchragan. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, Isroil oziq-ovqat, suv, sanitariya va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishni ta’minlash uchun asosiy kafolatlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish o‘rniga, ularni to‘xtatish yoki gumanitar yordamni keskin cheklash choralarini ko‘rdi.
Hisobotda aytilishicha, Isroil G‘azo sektoridagi uy-joy va fuqarolik infratuzilmasiga katta zarar yetkazgan, bu ko‘plab odamlarni doimiy ravishda boshqa joyga ko‘chirish niyatidan dalolat beradi. HRW boshqa davlatlarni Isroilning harakatlarini qoralashga, jinoyatlarga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga va Isroil armiyasiga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi.
Isroil bu ayblovlarni rad etdi. Isroil armiyasi ushbu hisobot «ba’zi hayratlanarli noto‘g‘ri ma’lumotlarni» aks ettirganini ta’kidladi va HRW «uzoq vaqtdan beri aksilisroil siyosatni qo‘llayotganini» ta’kidladi.