Dekabr oyida Rossiya Federatsiyasining «ayrim hududlarida» rus segmentini xalqaro internet tarmog‘idan uzish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bu haqda Rossiya banki o‘zi nazorat qiladigan kompaniyalarni xat bilan xabardor qildi. Murojaatdan parchalar 14 noyabr, payshanba kuni «Kommersant» gazetasida chop etildi.
Roskomnadzor matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bunday «muntazam» mashqlar har yili tashkil etiladi va foydalanuvchilarga ta’sir qilmaydi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar operatorlar bilan birgalikda o‘tkaziladi. Tashqaridan qasddan o‘chirish holati bo‘yicha choralar ko‘rilyapti va ishi xorijiy tarmoqlardagi servislar, kutubxonalar va resurslar bilan aloqaga bog‘liq bo‘lgan tizimlar aniqlanyapti, deya ishontirmoqda Roskomnadzor.
Maqsad «tashqi ta’sirlar yuzaga kelgan taqdirda asosiy xorijiy va Rossiya servislarini» qo‘llab-quvvatlashni tasdiqlashdir, deya ma’lum qildi idora.
Apple BBC, The Insider va «Exa Moskvy» podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
Amerikaning Apple texnologiya korporatsiyasi Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun BBC rus xizmatining «Chto eto bylo?» shousini, «Exo Moskvy» radiosi va The Insider nashri podkastlarini yashirib qo‘ydi. Bu haqda 14 noyabr kuni «Mediazona» xabar berdi. Bu kontent aynan qachon yashirilgani noma’lum.
Rossiyalik foydalanuvchilar faqat avval tinglagan va yuklab olgan yashirin podkastlarga kirish imkoniga ega, yangi foydalanuvchilarda esa ularni qidiruvda topish imkoni yo‘q, deb yozadi nashr. Oxirgi mavjud epizod 8 noyabrda chiqdi.
Shu bilan birga, BBC rus xizmatining qolgan beshta podkastlari rossiyalik foydalanuvchilarga ochiqligicha qolmoqda. Rossiya Federatsiyasidan tashqarida ham barcha yashirin podkastlar mavjud.