15 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

O‘zbekiston 19:46 1047

Quyosh panellari importiga cheklov, salkam 300 mln dollarga quriladigan yo‘l, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish haqida qonun — kun davomida Kun.uz'da yoritilgan mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Panel importiga cheklov

2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilarning quyosh panellari, invertorlar va energiya saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu 11 sentabrda imzolangan prezident farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar bermoqda Gazeta.uz. Farmon jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinmagan.

Hujjatga ko‘ra, BNEF Tier-1 ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib borilishi va har oyda yangilab borilishi kerak.

Bu ro‘yxat Bloomberg agentligining tegishli bo‘linmasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, har chorakda yangilanadi, shu sabab kompaniyalar doimiy ravishda ro‘yxatga kiritiladi va undan chiqariladi. Tier-1 maqomi quyosh panellari yetkazib beruvchisining moliyaviy barqarorligini ko‘rsatadi, lekin panellarning sifatini o‘zida aks ettirmaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqaradigan qator korxonalar mavjud. Joriy yilda ularning qatoriga Shveytsariyada ta’sis etilgan kompaniyalarga tegishli “Nukus Elektroapparat” va Enter Engineering'ga aloqador Enter Green Solar kompaniyalari ham qo‘shilgan.

Salkam 300 mln dollarlik yo‘l

Xorazm viloyatida bir nechta tumanlarni bog‘lovchi avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinadi. Prezident qaroriga ko‘ra, “Urganchdan boshlanib, Xonqa, Hazorasp, Toshsoqa va Amudaryo orqali A380 magistraliga olib boruvchi avtomobil yo‘lining dastlabki 81 kilometrlik qismi qaytadan quriladi.

Rekonstruksiya ishlari 2024 yilda boshlanib, 2029 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Loyiha qiymati 294 mln dollar bo‘lib, uni moliyalashtirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 18 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 238 mln dollar kredit olinadi.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, xarajatlarni 32,7 million dollargacha optimallashtirish mumkinligi aniqlangan. Bu mablag‘ Xorazm viloyatidagi “Urganch – Gurlan – Mang‘it – Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 5-kilometridan 75-kilometrgacha bo‘lgan oraliq qismini rekonstruksiya qilish loyihasiga yo‘naltiriladi.

Farmonga ko‘ra, Xorazm viloyati hokimligi rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llarining yoqalariga 30 ming tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekishi kerak.

Bolalar himoyasi uchun qonun

“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonunda bolaga nisbatan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari, yangi huquqiy tushunchalar ham kiritilgan. G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar shular jumlasidan.

Qonun bilan, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun choralar ko‘rish, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilish, ularning huquqlarini tiklashni o‘z zimmasiga olmoqda. Hujjatda mutasaddi organlarning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid maxsus vakolatlari, o‘zaro ishlash mexanizmi va mas’uliyat doirasi ko‘rsatilgan.

Qonunning 11-moddasiga ko‘ra, prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarning zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi deb belgilandi. Vakolatli davlat organi bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘ilgan hollarda bolani ota-onasidan olib qo‘yish huquqiga ega. Qonun 2025 yil 15 may kuni kuchga kiradi.

Avtomobil bozoridagi vaziyat

2024 yilning 3-choragida O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi, lekin hamon sotuvlar ko‘lami 2023 yilgi darajaga qaytmagan. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar bermoqda.

Institut tahlillariga ko‘ra, iyul-avgust-sentabr oylarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni salkam 353 mingtani tashkil etgan. Bu 2-chorakka nisbatan 28 foizga ko‘p. Lekin o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, bozordagi faollik 20 foizga pasaygan.

Tadqiqotchilar avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta’sir qiluvchi ikki muhim omilni qayd etgan. Banklar tomonidan avtokreditlar ajratilishi birinchi omil bo‘lsa, ikkinchi omil – aholi daromadlari bilan bog‘liq.

Yangiyo‘lda yangi hokim

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri hokimi Dilshod Sultonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida o‘tgan shahar kengashi sessiyasida ma’lum qilindi. Uning o‘rniga Ravshan Isoqjonovich Raimov Yangiyo‘l shahrining yangi hokimi etib tayinlandi. Raimov faoliyati davomida soliq tizimida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2020–2023 yillarda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i, shundan keyin esa Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Dilshod Sultonovning lavozimdan olingani sababi ma’lum emas. U Yangiyo‘l shahrini 2023 yil avgust oyidan beri boshqarib kelayotgandi. Sultonov undan oldin 5 yil davomida moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga, xususan Yangiyo‘lga tashrif buyurgan, tashrif doirasidagi majlisda viloyat hokimining ikki nafar birinchi o‘rinbosari ishdan olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: