O‘zbekiston | 22:40 / 17.03.2025
1653
6 daqiqa o‘qiladi

17 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Shaxsning ruxsatisiz foto va video uchun cheklov, poytaxt havosi ifloslik reyingida, Toshkentda pulli parkovkalar tariflari va isitish mavsumining poyoni — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda tasvirga olish qoidalari o‘zgarishi mumkin

Adliya vazirligi shaxslarni ruxsatsiz foto va videoga olishni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokamaga chiqardi.

Loyihaga ko‘ra, shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanish uchun ularning roziligi talab etiladi. Biroq davlat xizmatchilarini ish jarayonida tasvirga olish, jamoat tadbirlari va to‘ylarda umumiy jarayonni suratga tushirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yashirin kameralardan foydalanish taqiqlanishi va bunga nisbatan jarima choralari belgilanishi mumkin. Videokuzatuv tizimlari jamoat joylariga o‘rnatilganda, bu haqda barchaga tushunarli ogohlantiruvchi belgi bo‘lishi shart.

Loyiha muhokamasi 28 martgacha davom etadi. Agar qonun Oliy Majlis tomonidan tasdiqlansa va prezident imzolasa, rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Bu cheklovlar shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish, so‘z va matbuot erkinligini mustahkamlash maqsadida joriy etilmoqda.

Toshkent havo iflosligi bo‘yicha 19-o‘rinda

2024 yil xalqaro havo sifati hisobotiga ko‘ra, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 19-o‘rinni egalladi. 2023 yilda poytaxtimiz bu ko‘rsatkich bo‘yicha 23-o‘rinda edi. Toshkentda PM2,5 zarrachalari konsentratsiyasi o‘rtacha metr kubiga 31,4 mikrogrammni tashkil etgan.

Hisobotga ko‘ra, Afrikadagi Chad davlati eng iflos havoga ega hudud sifatida qayd etilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa Tojikiston 6-o‘rinda, Turkmaniston 26-o‘rinda, Qirg‘iziston 41-o‘rinda va Qozog‘iston 71-o‘rinda qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 99 foizi iflos havo ta’siriga uchragan. Havo ifloslanishi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limida ikkinchi asosiy sabab sifatida qayd etilgan.

Toshkentda pulli avtoturargohlar tariflari belgilandi

Toshkentda tashkil etilayotgan pulli avtoturargohlarda parking narxi soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha etib belgilandi, maksimal tarif esa 30 ming so‘m bo‘lishi mumkin.

Hokimlik 200 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan to‘xtash joylari yaratishni rejalashtirgan. Birinchi bosqichda 86 ta nuqtada 13-14 ming o‘rinli yo‘lbo‘yi avtoturargohlar foydalanishga topshiriladi. Ular mart oxirida test rejimida ishga tushishi, iyuldan esa shahar bo‘ylab joriy etilishi kutilyapti.

Parkinglar Streetpark Systems kompaniyasi tomonidan yagona axborot tizimiga ulanadi. Avtoturargoh uchun to‘lov qilingani videokuzatuv kameralari orqali nazorat etiladi. Haydovchilar uchun maxsus mobil ilova ishlab chiqilyapti.

Rasmiylar bu choralar harakat tezligini oshirib, tirbandlikni kamaytirishini ta’kidlamoqda.

Toshkentda isitish mavsumi qachon yakunlanadi?

Toshkent shahrida 8-14 mart kunlari o‘rtacha kunlik harorat +11,6 daraja bo‘lgani sababli shahar hokimligi isitish mavsumini yakunlash haqida tez orada qaror qabul qiladi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, agar o‘rtacha sutkalik havo harorati besh kun mobaynida +8 darajadan yuqori bo‘lsa, isitish mavsumi tugallanadi. Shunga asosan, 2024–2025 yilgi mavsum yakunlanishi kutilmoqda.

Veolia Energy Tashkent isitish mavsumi yakunlanganidan so‘ng, kelasi yilga tayyorgarlik ishlari boshlanishini ma’lum qildi. Shu maqsadda, issiqlik tarmoqlari, qozonxonalar va nasos stansiyalari joriy hamda kapital ta’mirdan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar muhandislik kommunikatsiyalarini kelgusi mavsumga hozirlashni boshlashi lozim. Mutaxassislar xonalardagi isitish radiatorlarini yuvdirish va ta’mirlashni tavsiya etmoqda.

Tayinlovlar

Abduqahhor Mullajonov Navoiy viloyati prokurori etib tayinlandi. Mazkur tayinlovga qadar Abduqahhor Mullajonov Toshkent viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. A.Mullajonov 1976 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Sirdaryo va Andijon viloyatlariga esa Ichki ishlar boshqarmasining yangi boshliqlari tayinlandi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasining magistratura bosqichi tinglovchisi podpolkovnik Farrux Haydarov Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 2022 yildan shu vaqtgacha Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan polkovnik Sanjar Jabborov Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazildi.

Avtolizingchi firibgarlar jinoiy jazoga tortildi

Toshkentda avtoxarid va’dasi bilan 600 nafarga yaqin insonni aldagan 13 kishiga hukm o‘qildi. Ular «Ishonch Auto Leasing», «Mega Avto Leasing» va boshqa MChJlar orqali fuqarolardan milliardlab so‘m yig‘ib, piramida usulida firibgarlik sodir etgan.

Sud ularga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Sudlanganlarning ikkita ayolidan biri qamoqda chaqaloq ko‘rgan, biroq jazoni kechiktirish so‘rovi rad etildi.

Sudlanganlar jami 5 mlrd 240 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan. Ulardan ayrimlari firibgarlikka doir boshqa ishlarda ham ayblanayotgani xabar qilindi.

Mavzuga oid