Osiyo kubogidagi alamli mag‘lubiyat uchun revansh olinadimi? Qatar – O‘zbekiston o‘yini oldidan

Sport 17:52 / 14.11.2024 10408

Jamoalar qanday vaziyatda?

O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 5-turidan oldin «A» guruhida Eron bilan bir xil – 10 ochkodan to‘plab, qo‘shhokimlik o‘rnatgan. Vakillarimiz mag‘lubiyat nimaligi bilishmayapti – 4 o‘yinda 3 g‘alaba va Eron bilan durang qayd etildi. Osiyo kubogining amaldagi g‘olibi Qatar esa JCh-2026 saralashini muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda – 4 o‘yinda 1 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 4 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda.

Bugungi bahsdagi g‘alaba Srechko Katanets shogirdlari uchun JCh-2026 sari katta qadamga aylanadi, Qatar 3 ochkoni qo‘lga kiritgan taqdirda dastlabki ikki o‘ringa beriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun imkoniyatini saqlab qoladi. Shu bois, o‘tgan turda Eronga yirik hisobda mag‘lub (1:4) bo‘lgan qatarliklar bu bahsga hayot-mamot masalasidek yondashishi mumkin.

O‘zbekistonning o‘tgan 4 turdagi natijasi:

1-tur. O‘zbekiston – KXDR – 1:0

2-tur. Qirg‘iziston – O‘zbekiston – 2:3

3-tur. O‘zbekiston – Eron – 0:0

4-tur. O‘zbekiston – BAA – 1:0

Qatarning o‘tgan 4 turdagi natijasi:

1-tur. Qatar – BAA – 1:3

2-tur. KXDR – Qatar – 2:2

3-tur. Qatar – Qirg‘iziston – 3:1

4-tur. Eron – Qatar – 4:1

O‘zaro o‘yinlar: Ustunlik O‘zbekistonda

Qatarga qarshi bugungi uchrashuv milliy jamoamizning ushbu raqib bilan 16-o‘yiniga aylanadi. Vakillarimiz o‘tgan 15ta o‘yindan 9tasida g‘alaba qozongan. Boshqa biror jamoa ustidan bu qadar ko‘p g‘alabaga erishmaganmiz, Turkmanistonni hisobga olmaganda – 10 o‘yindan 9 tasida ustun kelganmiz.

O‘tgan 15 o‘yinda milliy jamoamiz qatarliklar darvozasiga 25ta to‘p kiritgan. Bundan ko‘proq golni faqat Turkmaniston (27) va Xitoy Taypeyiga (30) urganmiz. O‘zaro bahslarda O‘zbekiston 9 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, Qatar 4tasida yutgan – so‘nggisi Qatardagi Osiyo kubogida mezbonlar chorakfinalda penaltilar seriyasida (1:1, 3:2) ustun kelgan. 10 oy avvalgi ushbu alamli mag‘lubiyat uchun Katanets shogirdlarida bugun revansh imkoniyati bor.

Tarkiblar bahosi: O‘zbekiston Qatardan qimmatroq

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibi bahosi bo‘yicha Qatardan ustun. Srechko Katanets qo‘l ostidagi jamoaning umumiy bahosi 37,05 million yevroni tashkil etsa, mezbonlarning jami tarkibi 20,18 million yevroga baholangan.

Har ikki jamoaning eng qimmatbaho o‘yinchisining narxi 6 million yevroni tashkil etadi. Abbosbek Fayzullayev ham, Akrom Afif ham shunday narxlangan.

O‘zbekistonning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Abbosbek Fayzullayev (TsSKA) – 6 mln yevro

2. Eldor Shomurodov (Roma) – 5 mln yevro

3. Abduqodir Husanov (Lans) – 5 mln yevro.

Qatarning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Akrom Afif (As-Sadd) – 6 mln yevro

2. Ali Almuez (Duhayl) – 3 mln yevro

3. Edmilson Junior (Duhayl) – 2 mln yevro

JCh-2026 saralashi. A guruhi, 5-tur

14 noyabr (payshanba)

Qatar – O‘zbekiston

O‘yin boshlanish vaqti: 21:15

Stadion: Qatar, Doha, «Jassim bin Hamad»

TV-translatsiya: Sport

Sharhlovchilar: Xayrulla Hamidov, Davron Fayziyev.

Ko‘proq yangiliklar: