Kichik asteroid Yer bilan to‘qnashishdan atigi ikki soat oldin aniqlandi

Jahon 20:27 / 14.11.2024 29934

Olimlar kichik asteroidni Yer atmosferasida yonib ketishidan atigi ikki soat oldin aniqladilar. U sayyoramiz tomon uchayotgan samoviy jismlarni kuzatuvchi monitoring tizimlarini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Asteroidga 2024 UQ nomi berildi. Uning diametri 1 metrdan oshmagani uchun hech qanday xavf tug‘dirmadi.

Ushbu jism 22 oktyabr kuni Asteroid ogohlantirish tizimi (ATLAS) tomonidan aniqlandi. Bu Havayidagi to‘rtta teleskopdan iborat tarmoq bo‘lib, ular doimiy ravishda osmondagi harakatlanuvchi obektlarni tekshiradi. Aniqlanganidan ikki soat o‘tgach, asteroid Tinch okeani ustidagi atmosferada yonib ketdi.

Teleskoplar asteroidni sayyoraga juda yaqin qolganida «sezdi». Olimlarning tushuntirishicha, ATLAS to‘qnashuv ehtimoli yuqori bo‘lgan jismni o‘z vaqtida aniqlay olmagan, chunki u ikki teleskop kuzatuv maydoni chegarasi yaqinida joylashgan.

«Astrometrik ma’lumotlar to‘qnashuvni kuzatish tizimlariga yetib borgunga qadar, asteroid allaqachon atmosferaga kirgan edi», deb ta’kidladi mutaxassislar.

2024 UQ bu yil Yer bilan to‘qnashgan uchinchi obektdir. Kengligi taxminan bir metr bo‘lgan 2024 BX1 yanvarda Berlin osmonida yonib ketdi, 2024 RW1 sentabr oyida Filippin osmonida portladi.

Olimlar nafaqat asteroidlarni kuzatish texnologiyalarini, balki Yer uchun xavfli obektni boshqa tarafga yo‘naltiruvchi tizimni ham ishlab chiqmoqda. 2022 yilda NASA kosmik apparati qo‘sh asteroid tizimiga qulab tushib, Dimorf nomli obektni orbitadan burib yuborgan edi. To‘qnashuv tezligi soatiga 22 ming km dan oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: