AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist

Iqtisodiyot 21:22 / 14.11.2024 7619

“Dollar bizning valutamiz, lekin sizning muammongiz”, degan edi 1971 yilda o‘sha vaqtdagi AQSh moliya vaziri Jon Kenneli yevropalik hamkasblariga qarata. Shundan keyin o‘tgan yarim asr ichida global iqtisodiyot tubdan o‘zgardi, lekin Kennelining o‘sha gapi hali ham aktual: dollarning qiymati asosan AQShdagi ichki o‘zgarishlarga bog‘liq, lekin uning tebranishlari deyarli har doim butun dunyoga ta’sir o‘tkazadi.

Ana shunday katta ta’sir to‘lqinlaridan biri – Donald Trampning AQSh prezidenti lavozimiga qayta saylangani bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Economist.

Tarixan, AQSh valutasining mustahkamlanishi boshqa mamlakatlar uchun muammolar keltirib chiqaradi: rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzlari qimmatlashadi, savdo hajmi qisqaradi, iqtisodiy o‘sish qiyinlashadi.

Trampning ichki o‘sishga yo‘naltirilgan siyosati soliqlarni jadal pasaytirish va davlat nazoratini susaytirishni ko‘zda tutmoqda. Bunday siyosat inflyatsion bosimni yuzaga keltiradi, natijada Federal zaxira tizimi yuqori foiz stavkalarini saqlab qolishga majbur bo‘lishi mumkin.

Bu, o‘z navbatida, dollarni investorlar uchun yanada jozibador qilib, boshqa valutalarning zaiflashishiga olib keladi. Natijada, jahon bozorida tovarlarga bo‘lgan talab pasayadi, dollar bilan chambarchas bog‘liq mamlakatlar iqtisodiyoti zarar ko‘radi.

Nashrning qayd etishicha, Amerika valutasining mustahkamlanishi rivojlanayotgan bozorlar uchun dollarda olingan qarzlarni qaytarish xarajatlari oshishini anglatadi.

Dollar indeksining oshishi global bezovtalikka sabab bo‘lishi ehtimoli yuqori hodisa hisoblanadi va bu tahdidni kam baholamaslik lozim, deya xulosa qilgan The Economist.

Ko‘proq yangiliklar: