“Abadiy ximikatlar” deb nomlanuvchi per- va poliftoralkil moddalar (PFAS) ichak mikrobiomasining boshqarilishini izdan chiqarishi mumkin. Bu esa yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi xavfi bor, deb xabar berdi Euronews yangi tadqiqot natijalariga tayanib.
PFAS — mebel, oziq-ovqat qadoqlari va tagiga olmaydigan oshxona idishlar kabi kundalik mahsulotlarda keng qo‘llaniladigan sintetik kimyoviy moddalarning katta guruhi. Ular hatto vodoprovod suvida ham topilgan.
Bular atrof-muhit va inson organizmida uzoq saqlanishi hamda parchalanish uchun juda ko‘p vaqt talab qilishi sababli “ftorli kimyoviy moddalar” deb ataladi.
“PFAS deyarli har birimizning qonimizda bor, bu kimyoviy moddalar sog‘liqqa bir qator salbiy ta’sirlar ko‘rsatishi aniqlangan. Biroq organizmda PFAS miqdorini kamaytirish uchun samarali usullar hali ma’lum emas. Shu sababli, bu borada yordam berishi mumkin bo‘lgan aniq tavsiyalarni berolmaymiz”, — dedi AQShning Keyk tibbiyot maktabi yetakchi muallifi va ilmiy xodimi doktor Heyli Hempson.
PFAS’ning insonga ta’siri jigar shikastlanishi, qalqonsimon bez kasalliklari, semizlik, fertillik muammolari, turli xil saraton va buyrak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Ammo bu moddalarning ushbu kasalliklarni yuzaga keltirishdagi rolini yaxshiroq tushunish uchun tadqiqotlar davom etmoqda.
Tadqiqotchilar guruhi PFAS ta’siri natijasida ichak mikrobiomasida va u bilan bog‘liq metabolitlarda yuzaga kelgan o‘zgarishlar yoshlarda buyrak funksiyasini 50 foizga pasaytirishini aniqladi.
Avvalgi tadqiqotlar buyrak shikastlanishini ham PFAS ta’siri, ham ichak salomatligi muammolari bilan bog‘lagandi. Ular asosida o‘tkazilgan yangi izlanishda potensial aloqalarni o‘rganish uchun ilk bor uchala omil bir vaqtning o‘zida ko‘rib chiqildi.
PFAS qanday qilib buyraklar shikastlanishiga olib keladi?
Tadqiqotchilar, asosan, lotin amerikalik 17 — 22 yosh oralig‘idagi 78 nafar yoshlardan iborat kichik guruh ma’lumotlarini tahlil qildi, chunki bu guruhda surunkali buyrak kasalligiga chalinish xavfi yuqoriroq bo‘ladi.
Dastlab, ular PFAS darajasini o‘lchash hamda ichak mikrobiomasi va aylanib yuruvchi metabolitlar tarkibini tahlil qilish uchun ishtirokchilarning qon va axlat namunalarini yig‘di. To‘rt yil o‘tgach, ularning buyragi qanday ishlayotgani baholandi.
Natijada, PFAS ta’siri yuqori bo‘lgan odamlarda vaqt o‘tishi bilan buyrak funksiyasi sezilarli darajada yomonlashgani aniqlandi.
So‘ng tadqiqotchilar bu ta’sirlarni yallig‘lanishga qarshi metabolitlar va ularni ishlab chiqaruvchi bakteriyalar miqdorining kamayishi shuningdek, PFAS ta’siri yuqori bo‘lgan shaxslarda yallig‘lanish metabolitlari miqdorining ortishi bilan bog‘ladi.
Tadqiqot natijalari Science of the Total Environment jurnalida chop etilgan.
Tadqiqot kichik guruh bilan o‘tkazilganiga qaramay, natijalar PFAS tufayli kelib chiqadigan buyrak shikastlanishidan himoyalanish usullari haqida dastlabki tasavvurni berishi mumkin, deb ta’kidladi olimlar.
“Natijalarimiz PFAS bilan bog‘liq ko‘plab xavflar haqidagi jumboqning muhim qismi bo‘ldi. Bu siyosatchilarga aholini ushbu kimyoviy moddalar ta’siridan himoya qilish siyosatini ishlab chiqishda yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin”, — dedi tadqiqot katta muallifi doktor Jyessi Gudrix.