Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin

Jahon 19:34 / 13.11.2024 1265

Rossiya Davlat Dumasi 20 noyabr kuni hukumatning rus maktablariga o‘qishga kirishni rejalashtirayotgan migrantlarning farzandlari uchun rus tilidan majburiy imtihon joriy etish haqidagi taklifini ko‘rib chiqadi.

Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning aytishicha, hukumat taklifiga ko‘ra, bunday bolalar ta’lim muassasalariga kirishdan oldin ham tilni bilish bo‘yicha testdan, ham Rossiyaga kirishining qonuniyligi bo‘yicha tekshirishdan o‘tishi kerak.

Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan bolalarni maktablarga qabul qilish amaliyotini to‘xtatish zarurligi haqida fikr bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiy ta’lim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, chunki tilni bilmaydigan migrant bolalar ta’lim jarayoniga qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

22 oktyabr kuni Sverdlovsk oblastining bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Igor Morokov rus tilini yomon biladigan migrantlarning farzandlarini nogiron bolalarga tenglashtirishni taklif qildi, chunki uning fikricha, ular va o‘qituvchilar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi kerak.

Shu yilning avgust oyida Rossiya Ta’lim vazirligi migrant bolalarning maktabga kirishidan oldin ularning rus tilini bilish darajasini tekshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini e’lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: