RF Davlat dumasi «chayldfri targ‘iboti»ni taqiqlovchi qonunni qabul qildi

Jahon 15:43 / 13.11.2024 2111

12 noyabr, seshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi ikkinchi, so‘ngra uchinchi, yakuniy o‘qishda «chayldfri mafkurasi targ‘iboti»ni taqiqlovchi qonun loyihasini qabul qildi. 403 deputat loyihani yoqlab ovoz berdi.

Yangi qonun internetda, kinoda, ommaviy axborot vositalarida va reklamada «bolalarni tug‘ishdan ongli ravishda voz kechish g‘oyasini jozibador qiladigan» ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlaydi. Pedofiliya, LGBT (Rossiyada ekstremistik deb tan olingan) va jinsni o‘zgartirishni taqiqlovchi oltita federal qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 6.21-moddasini noan’anaviy jinsiy aloqalarni targ‘ib qilish va jinsini o‘zgartirish uchun jazoga o‘xshash tarzda chayldfri g‘oyasi tarafdorlari uchun javobgarlik to‘g‘risidagi nizom bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. «Chayldfri targ‘iboti» uchun quyidagi jarimalar qo‘llanadi: jismoniy shaxslar uchun 400 ming rublgacha, mansabdor shaxslar uchun 800 ming rublgacha va yuridik shaxslar uchun 5 million rublgacha.

«Chayldfri targ‘iboti» uchun jarimani nazarda tutuvchi qonun loyihasi 17 oktyabr kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. O‘shanda 450 nafar deputatdan 388 nafari tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, unga qarshi ovozlar ham, betaraflar ham bo‘lmagan.

Iyun oyida Adliya vazirligi rahbari o‘rinbosari Vsevolod Vukolov «chayldfri» harakati Rossiyada «ekstremistik» deb tan olinishi kerakligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: