Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi

Jahon 19:28 / 13.11.2024 4872

Sharqiy Pokiston va Hindiston shimolida havoning ifloslanish darajasi shunchalik yuqoriki, oqibatda paydo bo‘lgan tutun koinotdan aniq ko‘rina boshladi. Bu haqda NASA fotosuratlariga tayanib CNN xabar berdi.

Dunyoning turli mintaqalarida real vaqt rejimida havoning ifloslanish darajasini kuzatuvchi Shveytsariyaning IQAir tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Hindiston poytaxti Dehli eng iflos havoga ega. Ikkinchi o‘rinda Pokistonning Lohur shahri joylashgan. Havo ifloslanishi bo‘yicha birinchi to‘rtlikka Hindistonning Kolkata va Mumbay shaharlari ham kiradi.

Dehli va Lohurda ifloslanish indeksi 300 birlikdan oshib, mos ravishda 408 va 360 ga teng bo‘ldi, ya’ni u yerdagi havo sog‘liq uchun xavfli. Shu bilan birga, shu hafta boshida Lohurda ifloslanish indeksi 1200 birlikdan oshdi va Pokistonning aholi eng zich viloyati Panjobda so‘nggi kunlarda ko‘pincha 1000 birlikdan oshib ketdi.

Hindiston shaharlari va Lohurda har yili kuzda sovuq havo kirib kelishi va hosil o‘rimi boshlanishi bilan qalin tutun paydo bo‘ladi. Buning sababi, fermerlar qishloq xo‘jaligi chiqindilarini ommaviy ravishda yoqib yuboradi va bunga ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan elektr stansiyalari va avtomobil transporti chiqindilari qo‘shiladi.

Biroq so‘nggi kunlarda tutun darajasi shunchalik kuchli bo‘ldiki, Pokiston va Hindistonning ayrim hududlarida rasmiylar maktablar va jamoat joylarini, jumladan, bog‘lar, muzeylarni yopdi, ko‘chadagi ommaviy tadbirlarni bekor qildi va yirik savdo markazlarining ish vaqtini chekladi. Panjob hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, shifoxonalarda allergiya, nafas olish yo‘llari kasalliklari, ko‘z, tomoq yallig‘lanishi va boshqalar bilan og‘rigan bemorlar ko‘paydi. Shu bilan birga, 30 mingdan ortiq aholiga yordam ko‘rsatildi.

Ko‘proq yangiliklar: