Masdar O‘zbekistonda yana bir shamol elektr stansiyasi quradi

Iqtisodiyot 11:55 / 13.11.2024 4278

Ozarboyjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP29 anjumani doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqariladi, 1 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.

Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni yiliga 1,4 mln tonnaga kamaytirishga erishiladi.

O‘zbekiston va Masdar kompaniyasi hamkorligida shu paytgacha umumiy quvvati 1497 MVt bo‘lgan loyihalar, jumladan, Zarafshonda shamol elektr stansiyasi (500 MVt) va Karmanada (100 MVt), G‘allaorolda (220 MVt), Kattaqo‘rg‘onda (220 MVt) va Sherobodda (457 MVt) quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatining Olot tumanida (250 MVt) va Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida (300 MVt) quyosh elektr stansiyalari qurilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: