Estoniya Rossiya bilan chegarada «dronlardan himoya devori»ni quradi

Jahon 17:29 / 13.11.2024 1566

Estoniya Politsiya va chegara qo‘riqlash departamenti Rossiya bilan chegarada hamda mamlakatning yirik shaharlarida aynan qaysi uchuvchisiz uchish apparatlari uchayotgani haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun «dronlardan himoya devori» qurishni rejalashtirmoqda.

Departament byurosi rahbari Ivi Kalmusning aytishicha, Estoniyada dronlarni kuzatish va zarurat tug‘ilsa ularni urib tushirish imkoniyati mavjud, ammo bu yetarlicha emas.

OAVda bir necha bor muhim infratuzilma obektlari ustidan uchuvchisiz uchish apparatlari uchib o‘tgani to‘g‘risida xabarlar berilgan. Shu bois mazkur devorni qurishdan maqsad — sharqiy chegara va to‘rtta yirik shaharda past balandlikda uchadigan barcha turdagi qurilmalarni aniqlash imkoniyatini yaratish.

Kalmusning ta’kidlashicha, dronlarni aniqlashda akustik aloqa, radiomonitoring, kameralar va radarlardan foydalanish mumkin. Qayd etilishicha, «dronlardan himoya devori»ni qurish 2025 yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Hukumat keyingi uch yil davomida loyihani qo‘llab-quvvatlashga 12 million yevroga yaqin mablag‘ ajratish mas’uliyatini zimmasiga olgan. Yevropa Ittifoqining maqsadli jamg‘armalaridan ham yordam ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Avvalroq Moldova politsiyasi 10 noyabr kuni mamlakat hududiga qulab tushgan ikkita uchuvchisiz uchish apparati topilganini ma’lum qilgandi. Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu Rossiyada ishlab chiqarilgan, portlovchi qurilmaga ega bo‘lmagan «Shahed» tipidagi dronidir. U RF qo‘shinlari tomonidan Ukrainaga uyushtirilgan hujum doirasida uchirilgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: