Abxaziyada qo‘lga olingan muxolifatchilar ozod qilindi

Jahon 10:26 / 13.11.2024 2078

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya respublikasida avval qo‘lga olingan barcha namoyishchilar qo‘yib yuborildi, deb xabar qildi matbuot 12 noyabr, seshanba kuni. Faollar Umar Smir, Garri Kokayu, Almasxan Ardzinba, Ramaz Jopua va Aslan Gvaramiya bir kun avval Suxumi shahri yaqinida ushlangan edi. «Abxaziya milliy birligi forumi» muxolifat partiyasi raisi Aslan Barsitsning aytishicha, ularning barchasi «yaqinda imzolangan Rossiya-Abxaziya investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi kelishuvga bag‘ishlangan Gudauta rayonidagi ommaviy yig‘ilishdan» qaytayotgan bo‘lgan.

Barsits voqeani siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib deb atadi, garchi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublika rasmiylari muxolifatchilar «noqonuniy harakatlar» uchun qo‘lga olinganini da’vo qildi.

Muxolifatchilar ushlanishi noroziliklarga sabab bo‘ldi

Muxolifatchilarning qo‘lga olinishi tan olinmagan Abxaziyada ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. 11 noyabrdayoq mahalliy aholi Suxumidagi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) binosi yonida yig‘ilib, u yerga olib kelingan faollarni ozod qilishni talab etgan.

Muxolifat tarafdorlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘rtasida vaqti-vaqti bilan mushtlashuvlar yuzaga keldi, deb yozadi «Respublika» Telegram-kanali. Yig‘ilganlar avtomashina bilan darvozani burib, hududga kirishga uringan.

Namoyishchilar, shuningdek, markaziy avtotrassa va Suxumidan chiqishda uchta ko‘prik – Kodori, Verxnegumistinskiy va Gumistinskiyni to‘sib qo‘ygan. Keyin ularning asosiy qismi Ozodlik maydoniga ko‘chdi. «Respublika»ga ko‘ra, mitingga «butun Abxaziyadan» odamlar kelgan.

Muxolifatchilar ozod etilgandan so‘ng, respublika trassasi o‘tadigan Gumistinskiy ko‘prigi yana transport harakati uchun ochildi.

Ko‘proq yangiliklar: