O‘zbekiston mudofaa vaziri Moskvaga bordi

O‘zbekiston 18:31 / 12.11.2024 19035

12 noyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov Moskvada MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashida ishtirok etdi.

RIA Novosti ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus va O‘zbekiston mudofaa vazirlari, Ozarboyjon armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashgan. Turkmaniston, Armaniston hamda Moldova esa harbiy delegatsiyalarini uchrashuvga yubormagan.

Yig‘ilishda Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama harbiy hamkorlik, II jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish hamda g‘arbning harakatlari haqida gapirgan.

«Harbiy sohadagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdir. Yig‘ilganlarga uni qo‘llab-quvvatlagani va amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiraman. Ko‘p yillik harbiy hamkorlik qurolli kuchlarimizni takomillashtirishga xizmat qildi. Havo hujumidan mudofaa, aloqa, radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik vaziyatni nazorat qilish va baholash, «Parol» radar identifikatori va boshqalar uchun yagona harbiy tizimlar yaratildi. Biz tajribalarni, jumladan Ukrainadagi maxsus operatsiya davomida orttirilgan tajribamizni almashamiz.

Kollektiv G‘arb o‘z gegemon rolini saqlab qolish uchun mintaqaviy barqarorlikni buzishga harakat qilmoqda. Shu bois, Qozonda o‘tgan BRIKSning kengaytirilgan sammitida mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugun biz bu yilgi ish yakunlarini sarhisob qildik va 2025 yilga 120 dan ortiq tadbirlarni rejalashtirdik. MDH doirasida 2030 yilgacha bo‘lgan harbiy hamkorlik konsepsiyasiga katta e’tibor qaratildi», — deya Andrey Belousovning so‘zlarini keltirgan Rossiya mudofaa vazirligi.

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov. Foto: Ria Novosti

Belousovga ko‘ra, yig‘ilishda davlatlar vakillari quyidagi qo‘shma harbiy tizimlarni takomillashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilgan:

  • davlat radiolokatsion identifikatsiyasining yagona tizimi;
  • harbiy maqsadlar uchun yagona geografik axborot tizimi;
  • MDHga a’zo davlatlarning yagona havo hujumidan mudofaa tizimi.

7 noyabr kuni O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov ham MDH davlatlari xavfsizlik kengashi kotiblari yig‘ilishida qatnashgandi.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Sergey Shoygu raisligida Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «natsizm mafkurasi tiklanishiga qarshi kurash, axborot va kiberxavfsizlik masalalari, suverenitetni himoya qilish»ga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, Shoygu uchrashuvda AQSh tomonidan mintaqani beqarorlashtirishga urinishlar, Ukrainadagi urush mavzulariga to‘xtalib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: