O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq general-mayor Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhammedov mudofaa vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
U muqaddam O‘zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018 yil noyabrida prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi. Keyinroq favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan.
2021 yil martida O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. O‘sha vaqtda polkovnik bo‘lgan Shuhrat Xolmuhammedovga general-mayor harbiy unvoni berilgandi.
Shuhrat Xolmuhammedov 2016 yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.
Bundan oldinroq, 2019 yildan buyon mudofaa vazirligiga rahbarlik qilib kelgan Bahodir Nizomovich Qurbonov Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.
So‘nggi besh yilga yaqin vaqt davomida Davlat xavfsizlik xizmati raisi bo‘lgan Abdusalom Abdumavlanovich Azizov esa Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida lavozimidan ozod etilgan. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, u «prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazildi». Unga yangi lavozim berilmagan.