Niderlandiya 9 dekabrdan chegara nazoratini joriy etadi

Jahon 00:12 / 12.11.2024 2713

Niderlandiya hukumati 9 dekabrdan boshlab qirollik chegarasida olti oy amalda bo‘ladigan nazoratni joriy etmoqda. Bu haqda mamlakat migratsiya va boshpana taqdim etish masalalari vaziri Maroleyn Faber ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, bu «vaqtinchalik va istisno chora» bo‘lib, iqtisodiy o‘sish hamda chegara hududlaridagi harakatga imkon qadar kamroq to‘sqinlik qilishi kerak.

De Telegraaf nashrining yozishicha, yangi chora-tadbirlar noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan. Faber yangi qaror qabul qilingani to‘g‘risida Yevrokomissiya, Yevropa Ittifoqi kengashi, Yevroparlament va Yevroittifoq davlatlarini xabardor qilgan.

Chegaradagi nazorat bilan Niderlandiya qirollik harbiy politsiyasi shug‘ullanadi. Tekshiruvlar qayerda tashkil etishi va nechta nazorat punkti o‘rnatilishi hozircha noma’lum. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat keyinchalik «tekshiruvlar sonini ko‘paytirish» niyatida.

Faberning tushuntirishicha, qo‘shimcha nazorat faqat 9 dekabrdan joriy etilishi mumkin, chunki qonunchilikka ko‘ra yangi qaror qabul qilinganidan keyin uning ijrosini boshlash uchun kamida to‘rt hafta o‘tishi kerak.

Avvalroq YeI komissari Yuxansson Germaniya, Fransiya va Niderlandiya Shengen hududi chegaralarida ma’lumotlarni avtomatik yig‘ish tizimini joriy etishga tayyor emasligini ma’lum qilgandi. Tizim 10 noyabrdan kuchga kirishi kerak edi.

Ko‘proq yangiliklar: