Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar

Sport 10:07 / 10.11.2024 6459

«Osasuna» bilan o‘yindan keyin yana uch o‘yinchi yo‘q.

«Real» – «Osasuna» 4:0
Gollar: 1:0 – 34 Vinisius Junior, 2:0 – 42 Bellingem, 3:0 – 61 Vinisius Junior, 4:0 – 69 Vinisius Junior.
«Real» – Lunin, Fran Garsiya, Ryudiger, Militao (Asensio, 30), Vaskes (Modrich, 46), Bellinghem (Guler, 75), Kamavinga, Valverde, Vinisius Junior (Endrik, 75), Mbappe, Rodrigo (Braim Dias, 20).
«Osasuna» – Errera, Boyomo, Katena, Areso, Bretones, Oros (Ruben Garsiya, 72), Torro, Monkayola (Munyos, 81), Penya (Raul Garsiya, 59), Saragosa (Arnais, 82), Budimir (Moyses Gomes, 71).
Ogohlantirishlar: Katena (55), Torro (88).

«Real» Ispaniya chempionatining 13-turida «Osasuna»ni yirik hisobda tor-mor etdi (4:0). Madridliklar barcha turnirlar doirasidagi ikki mag‘lubiyatdan keyin g‘alabaga erishdi, ammo bu juda qimmatga tushdi. Jamoaning birato‘la uch futbolchisi birinchi bo‘limdayoq jarohat oldi: Eder Militao, Rodrigo va Lukas Vaskes.

Bu qanday ro‘y berdi?

«Real» uch futbolchisi ham tanaffusga qadar safdan chiqdi. Birinchi bo‘lib maydonni Rodrigo tark etdi — braziliyalik vinger tizza bo‘g‘imlaridagi jarohatdan endigina tuzalgandi. Ikki hafta o‘ynay olmagan futbolchi o‘tgan hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida «Milan»ga qarshi o‘yinda (1:3) ko‘rinish bergandi. U bu o‘yin oxirida 16 daqiqaga tushirilgandi va bu safar nihoyat boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgandi. U maydonni o‘zi tark eta oldi va zaxira o‘rindig‘ida qoldi, ammo ko‘z-yoshlarini tiya olmadi. Uning o‘rnini Braim Dias egalladi.

30-daqiqada esa Eder Militao o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Ushbu braziliyalik ham alamli jarohat oldi: burchak to‘pi o‘ynalganida raqib jarima maydoniga borgan himoyachi qattiq baqirgancha gazonga quladi. Futbolchiga yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar chopib chiqdi va bir necha daqiqa o‘tib uni zambilda olib chiqib ketishdi. Karlo Anchelotti navbatdagi futbolchisi maydonni tark etishini qayg‘u bilan kuzatib turdi. 21 yoshli Raul Asensio esa la ligada debyut qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Bo‘lim oxirida esa uchinchi baxtsizlik ro‘y berdi: Karvahal mavsum oxirigacha safdan chiqqani tufayli uning qanotida o‘ynayotgan Lukas Vaskes belini jarohatlab oldi. Ispaniyalik futbolchi yordam uchun zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l oldi — bu yerda uning oyog‘ini bog‘lashdi va maydonga qaytarishdi. Lekin Lukas endi yaxshi yugurolmasdi — Asensioning yo‘liga tashlab bergan to‘piga yetib bora olmadi va to‘p autga chiqib ketdi. Tanaffusda Vaskes Luka Modrichga almashtirildi (Federiko Valverde o‘ng qanot himoyachisiga aylandi).

Ikkinchi va uchinchi jarohat orasida mezbonlar hisobni ochgandi. Vinisius to‘pni jarima maydonigacha olib bordi va yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi. Hujumchi golni nishonlash uchun so‘nggi vaqtlarda ko‘p tanqidga uchrayotgan murabbiyi tomon yugurdi.

Ko‘p o‘tmay «Osasuna» yana gol o‘tkazib yubordi. Jud Bellinghem bu mavsumdagi ilk golini nishonladi. U Asensioning uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Uning pasi shu qadar yaxshi bo‘lgandiki, Bellinghem gol uchun to‘pga bir teginishi yetarli bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda esa «Real» darvozaboni ham ajoyib assist muallifiga aylandi. Burchak zarbasidan keyin to‘pga ega chiqqan Andrey Lunin darhol uni Vinisiusga yetkazib berdi. Braziliyalik «Osasuna» darvozabonini aldab o‘tib, to‘pni shunchaki bo‘sh darvozasiga yumalatib yubordi.

Qolgan vaqtda «Real» istaganicha o‘ynadi va Vini het-trikka erishdi. Zaxiradan tushgan yana bir futbolchi Braim Dias himoyachini ortda qoldirib, hujumchini qulay vaziyatga chiqardi. Braziliyalik bu safar ham darvozabon aldab o‘tib, darvozani ishg‘ol etdi. Bu mavsumda «Barsa»ni mag‘lub etgan yagona jamoa bo‘lib turgan pamplonaliklar esa o‘yin davomida biror marta darvoza sohasi tomon to‘g‘ri zarba bera olmadi.

Tiklanish uchun qancha vaqt talab etiladi?

Bu uchlikning holati haqida o‘yin yakunlanganidan bir necha soat o‘tib ma’lumot paydo bo‘la boshladi. Militaoda o‘ng oyog‘ining xochsimon bog‘lami uzilgani tasdiqlandi, shuningdek, o‘ng tizzasining ikkala menisklari shikastlangan. 26 yoshli himoyachi mavsum oxiriga qadar o‘ynay olmaydi.

Bu Eder uchun haqiqiy fojia, chunki u «axill» jarohati tufayli chempionatning o‘tgan mavsumini ham deyarli to‘liq o‘tkazib yuborgandi, avgust oyida jarohatlanganidan keyin u faqat aprel oyiga kelib o‘yinga qaytgandi.

Rodrigo va Vaskesning biroz omadi keldi — ulardagi shikastlanish holatlari u qadar jiddiy emas, ammo ma’lum vaqt davomida o‘yindan tashqari holatda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ispaniyalik jurnalist Aranchi Rodrigesga ko‘ra, braziliyalik vinger beldagi jarohat tufayli bir oy atrofidagi vaqtni o‘tkazib yuboradi, ispaniyalik — uch haftaga safdan chiqqan. Uning biriktiruvchi mushaklarida muammo bor.

«Real»da o‘yingacha ham vaziyat notinch edi

Madridliklar ketma-ket mag‘lubiyatdan keyin g‘alabaga erishdi: jamoa bungacha klasikoda «Barselona»ga yutqazgandi (0:4), keyin esa Chempionlar ligasida «Milan»dan mag‘lub bo‘ldi (1:3). Rossonerilar bilan o‘yindan keyin «Real» murabbiylar shtabi futbolchilar bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Marca ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda keskin muhit hukm surgan: futbolchilarning ayrim ko‘rsatkichlari va yomon natijalar tahlil qilingan, shuningdek, muammolarga birgalikda yechim izlangan. Aftidan, yig‘in ijobiy effekt bergan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, jamoada kayfiyat yaxshilangan.

Shu bilan birga, El Gol Digital xabariga ko‘ra, Anchelotti «Real»dagi ayrim muhim futbolchilarning ishonchini yo‘qotgan. Ular qatorida Federiko Valverde, Kilian Mbappe hamda uning fransuz sheriklari — Orelen Tshuameni, Eduardo Kamavinga va Ferlan Mendi sanalgan. Shu bilan birga, Vinisius hamon ushbu mutaxassis bilan ajoyib aloqalarni saqlab qolmoqda.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Anchelotti aynan Juniorni maqtadi: u Mbappe haqida ham to‘xtalgan — fransuz hujumchi golsiz seriyasiga barham berishiga ishonch bildirgan.

«Vinisius — darajadagi farqni namoyish etuvchi futbolchi va ko‘rganimizdek, «Oltin to‘p» bilan bog‘liq vaziyat unga ta’sir ko‘rsatmadi. Yaxshi o‘yin bo‘ldi, biz shoshilmasdan o‘yinni nazorat qildik. Vini hisobni ochgach, barchasi yanada osonlashdi. Mbappe ham harakat qildi. U bir necha bor hujumlarga ajoyib qo‘shildi. U gol urmadi, ammo asosiysi o‘yinda foydali bo‘ldi», — degan Karlo.

Jamoa bu mavsumda qanday ishtirok etmoqda?

Blankos la liga turnir jadvalida «Barselona»dan olti ochko kam jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda bormoqda. Chempionlar ligasidagi jamoaning holati biroz yomonroq: to‘rt o‘yinda olti ochko olib, faqat 18-o‘rinda. «Real» «Shtutgart» (3:1) va «Borussiya» (5:2) bilan o‘yinlarda qiyinchilik bilan g‘alabaga erishdi, «Lill» (0:1) va «Milan»ga yutqazdi (1:3). Madridliklar «Osasuna»ga bilan o‘yinda 5 oktyabrdan buyon ilk bor darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi — o‘shanda «Vilyarreal» taslim etilgandi (2:0).

«Real» tarkib borasida og‘ir vaziyatda, ammo milliy jamoalar o‘yinlari tufayli yuzaga keladigan tanaffus vaqtida akademiyadan yangi futbolchilarni tarkibga jalb qilish mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: